Ta’lim-tarbiya, bu-bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi

0
3078

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 28-yanvar kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida maktab taʼlimi tizimidagi kamchilik va muammolarga toʻxtalib, taʼlim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha islohotlar boshlanganini hamda ularga shaxsan oʻzi rahbarlik qilishini maʼlum qildi.

Davlatimiz rahbari “Taʼlim-tarbiya — bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi, shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq. Qanchalik murakkab boʻlmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak. Chunki biz koʻp vaqt yoʻqotganmiz”, deya taʼkidladi.

Yigʻilishda maktabda zamonaviy bilimlarni egallagan raqobatbardosh yoshlarni tarbiyalash vazifasini amalga oshirish maqsadida tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuzilishi va ­“hokimlarning maktabga eʼtibor qilish besh yilligi” boshlangani eʼlon qilindi.

Eʼtibor beradigan boʻlsak, davlatimiz rahbari har bir chiqishida yoshlar taʼlim-tarbiyasi toʻgʻrisida qayta-qayta toʻxtalib oʻtmoqda. Oʻtgan

5 yil davomida yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirildi va ular bilan ishlashning vertikal tizimi yaratildi, yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi.

Bu borada Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Bugungi kunda, “Ortida alohida siviliza­sion loyihasi boʻlmagan mamlakatlar yorqin kelajakka ega boʻlmaydi”, degan fikr mutaxassislar orasida bot-bot takrorlanayotgani bejiz emas. Haqiqatan ham, hozirgi zamonda geosiyosiy kuchlar oʻrtasidagi raqobat oʻz choʻqqisiga chiqdi va yoshlar geosiyosiy taʼsir obyektiga aylanib boʻldi. Shuning uchun yoshlar ongini oʻzgartirishga urinilmoqda, deb koʻp aytilmoqda.

Bu nima degani? Bugungi kunda internet tarmoqlaridagi axborot oqimlari orqali yoshlar ongini zamonaviylashtirish bahonasida ularni milliy ijtimoiy-madaniy va maʼnaviy qadriyatlardan “ozod etish” maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaʼni oila, ota-ona, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urugʻ, Vatan, vatanparvarlik, mehr, ezgulik kabi qadriyatlarimizning asosi boʻlgan tushunchalar sekin-asta, bilintirmasdan yoʻqotilib, oʻrniga globalizmning “hayotda faqat sen va dunyo bor” tushunchasi va bu ­bilan bogʻliq qadriyatlarni singdirishga kuchli harakatlar boʻlmoqda.

Anʼanaviy ommaviy axborot vositalari oʻz ahamiyatini yoʻqotmoqda. Jamoatchilik, shu jumladan, yoshlar fikrini televideniye, radio va gazetalar oʻrnini egallayotgan internet shakllantirmoqda. Eng yomoni, bunday xurujlarning oqibati odamni oʻzi tugʻilib oʻsgan yurti va xalqidan tonish, hamma narsaga loqayd boʻlgan manqurt shaxsga aylanishida namoyon boʻladi.

Shu sababli baʼzi yoshlarimiz oʻrtasida, “Bu mening hayotim, ota-onamning bunga aralashishiga haqqi yoʻq”, degan qadriyatlarimizga yot tushunchalar oʻrin olmoqda.

Bunday vaziyatda nima qilish kerak?

Mudofaa vazirligi faxriysi, koʻp yillar tarbiya sohasida xizmat qilgan ofitser sifatida oʻz shaxsiy fikrlarimni bildirmoqchiman.

Avvalo, tezkorlik bilan tashabbusni qoʻlga olib, yoshlar ongi evolyutsiyasi jarayonini oʻz foydamizga oʻzgartirishimiz lozim. Buning uchun yoshlar tarbiyasi jarayonini yangi shaklda boshlash kerak. Va bu ishda faqat himoyada emas, hujumkor ravishda ishlarni tashkil etish talab etiladi.

“Taʼlim tarbiyasiz, tarbiya taʼlimsiz boʻlmaydi”, degan qoidaga rioya etgan holda, birinchi oʻrinda maktablarda oʻquvchi-yoshlarni tarbiya qilishni ularning yoshlariga mutanosib ravishda, yaʼni boshlangʻich sinflar, oʻrta sinflar va katta sinflar tizimini yaratish maqsadga muvofiq.

Buning uchun bugungi kunda “Sen vatanparvar, qadriyatlarimizga sodiq boʻlishing kerak” kabi gʻoyalar ostida olib borilayotgan ommaviy tadbirlarga tayangan usullardan bolalarimizni ijtimoiylashtirish, yaʼni maktab sotsiumida yoshlarni tizimli noformal uyushmalar tarkibida uyushtirgan holda, “jamoa tarkibida va jamoa orqali tarbiya” usuliga oʻtish maʼqul. Chunki chetdan shiddat bilan kirib kelayotgan yot gʻoyalar yoshlarni egoist va manqurt etib tarbiyalashga yoʻnaltirilganini bilganimiz holda, birinchi oʻrinda, bolalarni ijtimoiylashtirish zarur.

Ijtimoiy jamiyatda har bir shaxs oʻzining majburiyatlariga ega boʻlib, ularni bajarish orqali ushbu xalqqa qandaydir foyda keltirishi koʻzga tutiladi. Buning uchun shaxs jamiyat talablariga toʻgʻri keladigan maʼnaviy qadriyatlar va xislatlarga ega boʻlishi kerak.

Ushbu tarbiya tizimi orqali oʻquvchilar oʻz jamoalari maqsadi va vazifalari yoʻlida qad­riyatlarimiz va jamoa aʼzosi sifatida qabul qilgan majburiyatlariga qatʼiy rioya etib, oʻqishi va yashashi orqali yoshlarni ijtimoiylashtirish taʼminlanadi. Bugun olib borilayotgan ommaviy tarbiyaviy ishlarimiz esa bu tarbiya tizimini toʻldirib, boyitib boradi.

Oʻquvchilar birinchi sinfdan boshlab oxirgi sinfgacha oʻzlarining noformal jamiyatlarida uning vazifalari va talablari hamda oʻz majburiyatlari asosida oʻqishni va yashashni oʻrganishlari kelajakda ularning yurtimizning faol aʼzosi hamda ­jamiyat maqsadlari yoʻlida fidoyi inson boʻlishiga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi faxriylari tomonidan 2021-yilda tajriba sifatida yuqorida koʻrsatilgan tarbiya tizimi boʻyicha Toshkent shahridagi bir nechta maktabda ish olib borildi. Eʼtiborli jihati, oʻqituvchilar va ota-onalar tomonidan ushbu tizim bolalar tarbiyasi va oʻqishiga juda yaxshi ijobiy taʼsir koʻrsatgani eʼtirof etildi.

Abubakr NAVROʻZOV,
Mudofaa vazirligi faxriylari ishlari boʻyicha
Markaziy kengash raisi, isteʼfodagi polkovnik