Termizda navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni”

0
1563

Yoshlarni harbiy kasbga yo‘naltirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yaratilishi va rivojlanish tarixi bilan tanishtirish maqsadida Termiz garnizonidagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.

Unda Janubiy operativ qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, Termiz harbiy prokuraturasi, yoshlar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqanlar Milliy armiyamizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlab, xalqimizning tinch, osuda hayotini taminlashga xizmat qilayotgani, jangovar bo‘linmalar eng zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan taminlanayotgani, Vatanimiz posbonlarining harbiy xizmatni o‘tash va xizmat vazifalarini to‘laqonli  bajarishi uchun qulay sharoitlar  yaratilayotganligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tildi.

Shundan so‘ng  faxriylar va yoshlarga harbiy xizmatchilar tomonidan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi, faxriy qorovul shaxsiy tarkibining chiqishlari yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Faxriylar va yoshlar tinchligimiz himoyachilari uchun yaratilgan sharoitlar,  ularga berilayotgan imtiyozlar bilan harbiy qismda tashkil etidgan davra suhbati davomida tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.  

Tadbirning ikkinchi qismi harbiy qism madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda qatnashgan Qurolli Kuchlar faxriylari yoshlarimizga o‘zlarining xizmat xotiralaridan so‘zlab berishdi.

Harbiy orkestr jamoasi, Termiz davlat unversiteti talabalari hamda baxshi termalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni