“Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ikkinchi mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi

0
2626

Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi va “Temir daftar”ga kiritilgan 100 nafar yoshlar uchun tashkil etilgan oʻn kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ikkinchi mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi.

Yoshlar yigʻinning ilk kunidan “Yosh elektriklar”, “Yosh avto elektriklar”, “Yosh dvigatel ustalari” “Yosh payvandchilar” hamda “Yosh chilangarlar” guruhlariga boʻlinib, yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olishdi.

Yigʻin ishtirokchilari oʻn kun davomida jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik hamda IT-texnologiyalari va tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha mashgʻulotlarga, shuningdek sport oʻyinlariga jalb qilindi.

Ikkinchi mavsumning tantanali yopilish marosimida viloyat hokimligi, okrug qoʻmondonligi, DXX viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Marosimda 100 nafar yoshlarga tantanali ravishda egallagan mutaxassisliklari yoʻnalishlari boʻyicha tijorat banklaridan imtiyozli kredit olishlari uchun sertifikatlar topshirildi.  

Shuningdek, turli sport musobaqlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlarga musobaqa tashkilotchilarining kubok, diplom va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

“Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ikkinchi mavsumi yakuniga bagʻishlangan tantanali tadbirda soʻz olganlar yoshlarning kelgusi faoliyatlariga ulkan muvafaqqiyatlar tilab, harbiy qismda oʻrgangan tartib-intizom, kasb-hunar hamda olingan bilim va berilgan imtiyozlardan unumli foydalanishlarini tilashdi.

Tadbir soʻngida harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari va viloyatning taniqli sanʼatkorlari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etilib, yoshlar uchun yoddan chiqmaydigan bayramona kayfiyat ulashildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati