Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli Qoraqalpogʻistonda

0
2986

Mamlakatimizning eng olis manzillarida xalqimizga sharqona yangi yil tarovatini yetkazish, vatanparvarlik ruhidagi kuy va navolar bilan oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida yurtga sadoqat, fidoyilik, insonparvarlik tuygʻularini shakllantirishni maqsad qilgan Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetib keldi.

Birinchi manzil sifatida Beruniy tumani boʻldi va bu yerning tanlangani bejiz emas, albatta. Zero Qoraqalpogʻiston hududida qish oʻz hukmronligini bahorga berishga hali shoshmayotgan bir paytda, aynan Beruniyda bahorning epkinlari sezila boshlagan.

Tumanning Tinchlik ovuli hududida oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostidagi festival doirasida tashkil etilgan bir qator madaniy va milliy tadbirlar oʻsib kelayotgan yosh avlodga koʻhna tariximiz, urf-odat va anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz haqida soʻzladi.

Festival sogʻlom hayotni targʻib etuvchi hamda xalqimiz orasida yaxshi odatga aylangan besh ming qadamga piyoda yurish sogʻlomlashtirish aksiyasi bilan boshlandi.

Bahru bayt, aytishuv, milliy-anʼanaviy oʻyinlar festival qatnashchilarini bir muddatga oʻtmishga yetaklagan boʻlsa, turli sport musobaqalari ularda gʻalabaga, oʻzlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlab, sogʻlom turmush tarzini odat qilishga, jismonan va ruhan sogʻlom boʻlishga undadi.

Festival doirasida “Men ham askar boʻlaman!” nomli tadbir davomida yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat va matonat tuygʻularini joʻsh urdirgan harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari oʻzgacha kayfiyatda kutib olindi. Qoʻl jangining murakkab elementlarini, faxriy qorovul vzvodining qurol bilan koʻrgazmali chiqishlarini miriqib koʻrgan yoshlar koʻzlarida shu yurt taqdiri, uning buguni va kelajagi uchun kuyunish, erishgan yutuqlarimiz bilan faxrlanish, gʻurur va iftixor tuygʻulari qaynadi.

“Yashil makon – yoshlar bilan” ekologik aksiyada faol ishtirok etgan yoshu qari kelajakka ulkan orzular bilan umid bildirib, ona zamin tuprogʻiga minglab koʻchatlar qadashdi.

Kitob yarmarkasi, “Yosh kitobxon” tanlovi, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi, yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi, “Yosh musavvir” tanlovi, “Zakovat” intellektual oʻyini hamda koʻplab boshqa tadbirlar aynan yoshlarimiz katta hayot yoʻlida oʻz oʻrnini topishi, kelajagini belgilashi, qatʼiyatli, shijoatli boʻlishi, raqobatbardosh muhitga moslashishi uchun xizmat qildi.

Shu kuni estrada yulduzlari bilan birga Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar dillarga orom bagʻishlab, qalblarni mehr-muhabbat bilan toʻldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati