Qoʻmondon bilan gulxan atrofida kechgan gurung

0
3340

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov Jizzax garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilayotgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning toʻqqizinchi kunida ishtirokchi yoshlarning harbiy qismda olgan taassurotlarni bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirgan yoshlarga yangi imkoniyatlar taqdim etish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida gulxan atrofida samimiy suhbat qurdi.

Birin-ketin soʻzga chiqqan yoshlar yigʻin davomida kasb-hunar oʻrganib, tartib-intizomga koʻnikkanlarini, tinchlikning va ota-onaning, yaqinlarining qadriga yetganligini taʼkidlab, buning barchasi hukumatimizning yoshlarga qaratayotgan eʼtiboridan ekanligini hamda bu yerda olgan bilim hamda malakalari kelgusi hayotlarida katta burilish yasashini aytib, kelajakdagi rejalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Shundan soʻng qoʻmondon yoshlarga muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatda qolish, oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish tartibi, shuningdek yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi.

Ushbu maʼlumotlar yigʻin davomida harbiy xizmatda qolish istagi uygʻongan yoshlarning shijoatini yanada oshirib, ularni ruhlantirdi.

Uchrashuv yakunida yangragan shoʻx kuy-qoʻshiqlar yoshlarni tinch va osuda hayotdan bahra olishga, uning qadriga yetishga va asrab-avaylashga chorladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati