“Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi oʻtkazildi

0
3314

Mamlakatimizda jamiyatning ajralmas qismi sanaladigan oilani rivojlantirish, oila institutini yanada mustahkamlash, umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ham harbiy oilalarni mustahkamlash, osoyishtaligi va farovonligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Men namunali oila bekasiman” shiori ostida bosqichma-bosqich oʻtkaziladigan “Balli, ayollar” tanlovi zamirida ham harbiy xizmatchilar oilalarining jamiyatdagi nufuzini oshirish, maʼnan sogʻlom oilalarda barkamol yosh avlodni tarbiyalash kabi ezgu maqsadlar mujassamlashgan.

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida ushbu tanlovning qo‘shinlar qoʻmondonligi bosqichi oʻtkazildi. Murosasiz va qizgʻin kechgan bahslar davomida ishtirokchilarning har bir chiqishi Mudofaa vazirligi masʼullari va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat hakamlar hayʼati tomonidan odilona tarzda baholab borildi.

Tanlovda gʻoliblikni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Ilxam Matjanovning turmush oʻrtogʻi Elmira Ziyoutdinova qoʻlga kiritdi va Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanma oldi.

Yakunda gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Tadbir davomida yangragan kuy va qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti