Ellikqalʼa yoshlarining oʻzgacha oʻtgan bir kuni

0
2488

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanidagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yigʻinida 600 nafarga yaqin yoshlar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi.

Ellikqalʼa tuman hokimligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, Ellikqalʼa tumani Yoshlar ishlari agentligi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi va Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Ellikqalʼa oʻquv-sport texnika klubi hamkorligida tashkil etilgan mazkur festival erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni bilan boshlandi. Sogʻlomlashtirish aksiyasida yoshlar bilan birga mahalla ahli ham katta qiziqish bilan qatnashdi.

Harbiy-vatanparvarlik festivalining navbatdagi manzili “Boʻston” markaziy stadionida davom etdi. Unda Ellikqalʼa tumani hokimi S.Avezov yoshlar bilan muloqotda ularni davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga undab, “Sizlar bizning ertamiz egalarisiz! Sizlardan umidlarimiz katta!” deya soʻzini yakunladi. Stadionda yoshlar eʼtiboriga tuman madaniyat boʻlimining xonandalari ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar guldastasi, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan saf elementlari va qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari havola etildi.

Ellikqalʼa oʻquv-sport texnika klubining sport texnikalari va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi tadbir ishtirokchilariga manzur boʻldi. Shu kuni mahalla yoshlari oʻrtasida futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka va voleybol boʻyicha musobaqalar uyushtirildi.

Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sektorlar kesimida “Ayazqalʼa”, “Kichik Guldursin”, “Navoiy”, “Qavatqalʼa” mahallalari yoshlari tarkibidan iborat jamoalar oʻrtasida intellektual oʻyin oʻtkazilib, gʻolib jamoa tuman bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Harbiy xizmatchilar va yoshlarning samimiy suhbati esa “Mardlik va jasorat darsi”ga ulandi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Zero vatanparvar va komil farzandlargina yurtga sadoqatli va fidoyi inson boʻlib voyaga yetadi, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan ulgʻayadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati