Mard va jasur oʻgʻlonlar yodi hamisha barhayot

0
2651

Vatan himoyasi barcha zamonlarda eng sharafli va muqaddas burch hisoblangan. Bugungi osoyishta kunlar, ona yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida jon fido qilgan oʻgʻlonlarning xotirasi ham mangulikka daxldordir.

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Soʻx garnizoni harbiy xizmatchilari 2000-yilning yoz oylarida yurtimizning janubiy sarhadlarida xalqaro terrorchi toʻdalar bilan boʻlib oʻtgan qurolli toʻqnashuvlardan birida mardlik namunasini koʻrsatib qahramonlarcha halok boʻlgan katta serjant Xayriddin Xolboyevni xotirlash maqsadida qahramon tugʻilib oʻsgan xonadonda boʻlishdi.

Harbiy xizmatchilar Xayriddin Xolboyevning oila aʼzolari bilan samimiy suhbat qurib, marhum safdoshlarining ijobiy fazilatlarini esga olishdi. Jumladan, uning xizmatda safdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlganligi va yuksak kasb mahoratga egaligi, maʼnaviyati va dunyoqarashi keng haqiqiy yurt oʻgʻlon boʻlganligini taʼkidlab oʻtishdi.

Shuningdek, shu kuni yurt himoyachilari Xayriddin tahsil olgan 18-sonli umumtaʼlim maktabida ham boʻlishib, unga taʼlim-tarbiya bergan ustozlari hamda maktab oʻquvchilari bilan suhbat chogʻida Vatanning fidoyi oʻgʻloni jasoratini gapirib berishdi.

Ona Vatanimiz va xalqimiz himoyasi yoʻlida aziz jonini fido qilgan Xayriddin Xolboyev kabi mard va jasur oʻgʻlonlar yodi hamisha barhayotdir.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati