Qoraqalpoq yoshlarida vatanparvarlik ruhini mustahkamlagan festival

1209

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi Nukus shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi”da shahar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy, Qonlikoʻl, Taxtakoʻpir, Chimboy tumanlaridan kelgan mingdan ziyod yoshlar ishtirokida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Mazkur festival Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Yoshlarda katta qiziqish uygʻotgan festival doirasida yoshlar oʻrtasida timbilding, kamondan oʻq otish, shaxmat-shashka, arqon tortish, stol tennisi, alpinizm, velosiped yordamida toʻsiqlardan oʻtish kabi musobaqalar oʻtkazilib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

“Vatanparvarlar bogʻi” shu kuni chinakam vatanparvar yigit-qizlar bilan gavjum, yorqin xotiralarga boy voqealar bilan toʻldi. Turli sport musobaqalardan tashqari, rassomlarning tabiat va inson uygʻunligini birlashtirgan goʻzal tasviriy sanʼat namunalari, harbiy xizmatchilar va yoshlarning portretlari koʻchgan suratlar tadbirga yanada fusunkorlik baxsh etdi.

Qurol-yarogʻlar hamda sport texnikalaridan iborat koʻrgazmalar esa yoshlarga milliy armiyamiz kuch va salohiyatidan soʻzlagan boʻlsa, bogʻ ichidagi “Xotira” muzeyidagi oʻtmishning qonli satrlar bilan bitilgan sahifalaridan qoraqalpogʻistonliklarning koʻrsatgan jasoratlari, front ortidagi xizmatlari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Faxriy qorovul va harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari festival ishtirokchilariga yanada manzur boʻldi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan taqdim etilgan kuy va qoʻshiqlar guldastasi yoshlarga xushkayfiyat ulashib, raqslarga chorladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati