Istiqboldagi rejalar belgilab olindi

0
3078

Bugun ertamiz egalarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning har tomonlama yetuk boʻlib shakllanishlari yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada kuch tuzilmalari tomonidan ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, ular ishtirokida “Men gʻolib” shiori ostida mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqalar, “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “Toʻmaris malikalari”, “Yosh huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” koʻrik-tanlovlari hamda “Men ham askar boʻlaman” nomli aksiyalar va harbiy qismlarga “Ochiq eshiklar kuni” doirasida sayohatlar tashkil etilayotgani shular sirasidan.

Bugun, 21-fevral kuni ana shunday tadbirlarni sifatli tashkil etish va yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Fargʻona garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan tadbirda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, garnizondagi harbiy qism va muassasalarning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari masʼul ofitserlari, Mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari vakillari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy boʻlimi aʼzolari ishtirok etdi.

Unda soʻz olganlar mahallalarda yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda qanday ishlar amalga oshirilishi zarurligi, bu borada harbiy xizmatchilarning oʻrni, shuningdek yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha oʻzaro hamkorlik yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Shu bilan birga faxriylar bilan ham uchrashuv tashkil etilib, ularning mavjud muammolari va takliflari oʻrganib chiqildi hamda shu yerning oʻzida bartaraf qilindi.

Tadbirning ikkinchi qismida esa mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati faoliyati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini berdi va matbuot xizmatining kelgusi faoliyatiga omad tiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati