Har bir kunimiz mazmunli oʻtmoqda

0
1281

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda tashkil etilgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini” davomida yoshlarning dam olish kunlarini maroqli oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi polkovnik Valijon Dadajonov boshchiligida tashrif buyurgan harbiy sanʼatkorlar oʻzlarining ona Vatan va tinchlikni, sadoqat, mehr-muhabbat va jasoratni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlari bilan yoshlar qalbiga iliqlik ulashdi.

Har bir yangragan kuy-qoʻshiq va goʻzal raqslar yoshlarga joʻshqinlik, madaniy hordiq ulashish bilan birga ruhiyatini koʻtarib, badiiy didini, maʼnaviy olamini boyitishga xizmat qildi.

– Bizning har bir kunimiz talbirlarga boy va mazmunli oʻtayotganligi bilan yodimizda qolmoqda, – deydi yigʻin ishtirokchisi Ozodbek Axnazarov. – Ayniqsa, teatr, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, konsert dasturlari barchamizga koʻtarinki kayfiyat ulashyapti. Harbiy sanʼatkor yoki orkestr deganda men eng avvalo Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Marat Hakimovni koʻz oldimga keltirar va uning qoʻshiqlarini yodga olardim. Bugun u kishining jonli ijrodagi qoʻshiqlarini tinglashga muvaffaq boʻldim. Men buning uchun yigʻinda ishtirok etayotgan yoshlar nomidan barcha tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman va harbiy sanʼatkorlarning ijodiga ulkan muvofaqqiyatlar tilab qolaman.

Ha, yoshlar – ertamiz egalari, kelajagimiz bunyodkorlari ekan, ular tarbiyasida aslo tanaffus boʻlmasligi lozim. Shu boisdan dam olish kunlari ham ularning maʼnaviy va axloqiy olamini boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati