Havo-desant bo‘linmalariga nomzodlarni saralash sinovlari

0
6157

Harbiylik kasbiga bo‘lgan hurmat-ehtirom hududdagi harbiy-siyosiy vaziyatdan qat’i nazar dunyoning u burchagida ham, bu burchagida ham bir xil: yuksak! Ular ichida bir qo‘shin turi borki, hammaning – katta-yu kichikning, yosh-u qarining, qiz-u yigitning havasi keladi. Hech bo‘lmaganda bir kun ular bilan o‘rin almashib qolish haqida xayol suradi. Bu hech shubhasiz, havo-desant xizmati mutaxassislari!

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining havo-desant bo‘linmalarida xizmat qilish istagini bildirgan harbiy xizmatchilar bilan Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizonida saralash tadbirlari o‘tkazildi. Bu yerga respublikamizning turli hududlarida xizmat qilayotgan, tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, “havo-desant bo‘linmalarida xizmat qilishga yaroqli”, deb topilgan harbiy xizmatchilar jam bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, desantchilarni qo‘shindan bu tarzda saralab olish ilk bor tashkil etilmoqda.

Nomzodlarga dastlab havo-desant bo‘linmalari faoliyati haqida yetarlicha tushuncha berildi. Malakali desantchilar bilan ochiq muloqot uyushtirildi. Sakrashni amalga oshirguncha kechadigan jarayon bilan yaqindan tanishtirildi.

Shundan so‘ng asosiy saralash mashg‘ulotlariga kirishildi. Nomzodlarni saralash ularning jismoniy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish bilan boshlandi. Albatta, bu bajarilish tartibi va yuklamasi bilan doimgi jismoniy sinovlardan farq qiladi. Lekin harbiy xizmatchilarning “Men, albatta, desantchi bo‘laman!” deya g‘ayrat-shijoat bilan harakat qilayotganining guvohiga aylandik. Psixologik test natijalari ham ko‘ngildagidek bo‘ldi.

Keyingi kuni nomzodlar Chirchiq poligonidagi 15 kilometrlik maxsus taktik to‘siqlar jamlanmasidan o‘tishdi. Sinovlarning eng qizg‘in pallasi ham aynan mana shu nuqtada jam bo‘ldi. Bunda harbiy xizmatchilar bor bilim va mahoratlarini ishga solgancha murakkab to‘siqlarni birin-ketin ortda qoldirdi.

Shu tariqa nomzodlarni saralash uchun mo‘ljallangan sinovlar ortda qoldi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga g‘urur va sharaf ramzi bo‘lmish moviy beret va sertifikatlar berildi. Ular shu tariqa bundan keyingi xizmatlarini havo-desant bo‘linmalarida davom ettiradigan bo‘ldi. Bu safning kengligi esa odamni sevintiradi.

Leytenant Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti