Yosh vatanparvarlarning bilagidagi kuchi musobaqalarda toblanmoqda

0
4610

100 nafar jizzaxlik yoshlar uchun tashkil etilgan 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini”da yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda ularning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun yigʻin dasturiga kiritilgan futbol boʻyicha “Jizzax viloyati hokimi kubogi”, harbiy estafeta boʻyicha “Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi”, milliy kurash boʻyicha “Jizzax viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshligʻi kubogi” kabi sport musobaqalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Yigʻinning beshinchi kuni yoshlar oʻrtasida milliy kurash boʻyicha “Jizzax viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshligʻi kubogi” musobaqasi tashkil etildi. Unda 100 nafar yoshlardan 36 nafari ishtirokida 66, 73 hamda 81 kilogramm vazn toifasida musobaqalar oʻtkazildi.

Qizgʻin va murosasiz bahslarga boy tarzda oʻtgan musobaqa davomida yoshlar oʻzlarining sport bilan nechogʻliq oshno tutinganlarini kuraklarini yerga tekkizmay namoyon etishdi.

Musobaqada har bir vazn toifasi boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, eng koʻp va yuqori natijalarni koʻrsatgan yoshlarga yigʻin yakunida musobaqa tashkilotchilarining kubogi topshiriladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati