Qibraylik yoshlarga shijoat ulashgan festival

0
1237

Toshkent garnizonida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardan birining bir guruh harbiy xizmatchilari Qibray tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda mahalla yoshlari hamda oʻquvchi yoshlar uchun tashkil qilingan harbiy-vatanparvalik festivalida ishtirok etdi.

Tadbir avvalida maktab oʻquvchilari uchun zamonaviy targʻibot vositalari bilan jihozlangan Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi, buyuk sohibqiron Amir Temur hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning qahramonliklari, jang sanʼati, jasorati va vatanparvarligi aks etgan tematik sinflar foydalanishga topshirildi.

Festivalning ochilishida soʻz olganlar muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan ulkan eʼtibor, yoshlarning yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib kelayotganliklari, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish har bir yosh uchun sharafli va masʼuliyatli kasbga aylangani haqida maʼlumotlar berishdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan turli koʻrgazmali va musiqiy chiqishlar barchaga koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Festival yakunida oʻtkazilgan sport musobaqasi gʻoliblari, faol yoshlar hamda ustoz murabbiylarga qoʻshinlar qoʻmondonining tashakkurnomalari topshirildi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatimiz ertasi uchun daxldorlik hislariga ega boʻlgan fidoyi, mard va sadoqatli farzandlar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti