Qashqadaryoda “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi

0
3060

Ayol – millat koʻrki, goʻzallik timsoli. Uni har qancha eʼzozlasak, eʼtirof etsak arziydi. Bugun ayollar nafaqat oilada, balki jamiyat hayotining turli jabhalarida ham muhim oʻrin va nufuzga ega boʻlib bormoqda. Ayollarning jamiyatda tutgan rolini yuksaltirish, ularni yanada ijtimoiy faol boʻlishga jalb etish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan “Yoshlar markazi” binosida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugida xizmat burchini oʻtab kelayotgan harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlari oʻrtasida “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida oʻtkazilgan bellashuvlarda ishtirokchilarning turli sohalardagi bilim va mahoratlari sinovdan oʻtkazildi. Belgilangan shartlarni bajarishdagi tezkor va mukammal harakatlari, turli mavzulardagi savollarga berayotgan ravon va aniq javoblaridan oila bekalarining zukko va serqirra ekanliklari yaqqol namoyon boʻldi.

Shartlarni shaffof va odilona baholab borgan hakamlar hayʼati aʼzolari uchinchi oʻringa Surxondaryo viloyati Xayrobod garnizonidan kelgan Gavharoy Kenjaboyevani loyiq, deb topishdi.

Ikkinchi oʻrin Qashqadaryo viloyati Pachkamar qoʻrgʻonidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchining oilasi Shahodatxon Toʻqmirzayevaga, faxrli birinchi oʻrin esa Surxondaryo viloyati Termiz shahridan kelib barchani lol qoldirgan Dilnozaxon Boboyevaga nasib etdi.

Gʻoliblarga okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati