Oʻzbekiston Qahramoni yosh vatanparvarlar mehmoni boʻldi

2564

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilayotgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini” davomida jizzaxlik 100 nafar yoshlarni kasbga yoʻnaltirish bilan birga, ularning maʼnaviy va axloqiy jihatdan yetuk boʻlib shakllanishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, yoshlar uchun turli maʼnaviy-maʼrifiy kechalar hamda madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Madaniyat vazirligining tashabbusi bilan uyushtirilib, unda noyob ovozi, betakror ijro mahorati, oʻzbek ayoliga xos goʻzal fazilatlari bilan xalqimizning muhabbati va hurmatini qozongan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Munojat Yoʻlchiyeva va yoshlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan uchrashuvda Munojat Yoʻlchiyeva jizzaxlik yosh vatanparvarlarga oʻz hayoti, sanʼatga kirib kelishi, oʻzbek maqomining sir-asrorlari haqida soʻzlab berdi.

Shu bilan birga yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar xususida toʻxtaldi hamda undan oqilona foydalanish lozimligi xususida oʻz tavsiyalarini berdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Qahramoni Munojat Yoʻlchiyeva maqom ashulalarini mohirona ijro etib, ovozi, tuygʻularga boy ijrosi bilan barchani birdek raqsga chorladi.

Uchrashuvdan soʻng mehmonlar harbiy qism hududida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati