Nukusda chaqiruv mavsumi davomida tashish tadbirlarini sifatli tashkil etish yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi

0
2818

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 2022-yilgi chaqiruv tadbirlari oldidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish va belgilangan xizmat muddatlarini oʻtab boʻlgan hamda rezervga boʻshatilgan muddatli harbiy xizmatchilarni manzillariga temiryoʻl va avtomobil transportlarida tashish tadbirlarini tashkillashtirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmalari, Nukus va Urganch Temir yoʻl vokzali, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi, Nukus harbiy komendaturasi, Nukus garnizoni Harbiy avtomobil nazorati, Nukus Temiryoʻl bekati shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimlari boshliqlari hamda boshqa kuch tuzilmalari vakillarining takliflari tinglandi.

Mudofaa vazirligi Harbiy harakatlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Akbar Sabirov oʻz maʼruzasida tashish tadbirlarini tashkillashtirish boʻyicha 2022-yilga belgilangan asosiy vazifalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllar” AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, temir yoʻl transportida tashish tadbirlari harbiy xizmatchilar oʻrtasida “COVID-19” infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda ularning sogʻligʻini saqlashga alohida eʼtibor qaratilganligi bilan ahamiyatli sanaladi. Harbiy xizmatchilarni bir manzildan ikkinchi manzilga alohida eshelonlar orqali, belgilangan manzillarda kutib olish va kuzatish tadbirlari tashkil etiladi.

Yigʻilish davomida harbiy xizmatchilarni manzillarga temir yoʻl va avtomobil transportlari orqali tashish tadbirlarini sifatli oʻtkazish, belgilangan joylarda sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qatʼiy rioya etish, harbiy tashishga oid hujjatlar (yoʻl varaqasi, poyezdlar harakatlanish jadvali va hokazo) namunalarini joylarga taqdim qilish, komandalarni temir yoʻl vokzalidan harbiy qismgacha, harbiy qismdan temir yoʻl vokzaligacha kuzatib borayotgan avtomobil kolonnalarining yoʻl harakati qoidalariga rioya etgan holda kuzatuvini tashkillashtirish kabi qator vazifalar belgilab olindi.

Mayor Nodir TURSUNOV, Nukus Temir yoʻli bekati shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari