«Armiyada o‘zimni topganman»

0
3102

– Bo‘ldi, kelishdik. Ertaga o‘zim tahririyatga o‘taman…
– Xafa bo‘lmaysiz endi, uka, vazir o‘rinbosari topshirig‘i bilan markazga («Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazini aytyapti – I. Q.) ketib qoldim…
– Poyezddaman, Qashqadaryoga bir murojaatni o‘rgangani ketayotuvdim…

Quyida hukmingizga havola etilayotgan suhbat suhbatlashilib, qog‘ozga tushguncha ana shunday jarayonlarni boshidan kechirgan. Taqdir nasib etgan vaqti-soati esa bugun ekan.

Milliy armiyamiz jangovar saflarida xizmat qilib yurgan shunday harbiylar borki, ularning oddiy fuqaro kiyimidagi ko‘rinishini tasavvur ham qilolmaysiz. Bordi-yu, ko‘rsangiz ham darrov tanib olasiz: nimasidir «aytib» turadi.

Suhbatdoshimiz mayor Zokir Yallakayevni ham shu paytga qadar biror marta na fuqaro kiyimida, na harbiy bayramona libosda uchratmaganman. Aytgancha, yaqinda bir marta bayramona kiyimda ko‘rdim, unda ham televizorda. Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mayor Yallakayev Oliy Bosh Qo‘mondondan «Mardlik» ordenini qabul qilib oldi. (Darvoqe, suhbatimizga ham shu voqea bahonai sabab bo‘lib turibdi.)

Yana bir gap. Men bu insonni taniganimdan beri harbiy unvoni mayor. To‘g‘ri, Zokir akani aynan mayorligidan tanigandirman. Lekin nimagadir «mayor» so‘zi qulog‘imga chalinsa, birinchi bo‘lib shu odamning siymosi ko‘z oldimda gavdalanadi. Chayir, qotmadan kelgan, qat’iyatli bu mayorning harbiy hamkorlik doirasida o‘tkazilgan bir nechta xalqaro musobaqalarda boshqa davlatlar general-mayorlariga ham harbiycha halollik, to‘g‘rilik borasida qoyillatib o‘tib qo‘ygan mas­ter-klasslariga ikki ko‘zimu, ikki qulog‘im va vujudim bilan guvoh bo‘lganman. Shuning uchun ham nafaqat o‘zimizning Qurolli Kuchlar, balki O‘zbekiston harbiy hamkorlik olib boradigan davlatlar armiyalari ham mayor Yallakayevni yaxshi taniydi, hurmat qiladi.

– O‘rtoq mayor, harbiylikka bo‘lgan qiziqishingiz qachon va qanday paydo bo‘lgan?

– Maktabda o‘qib yurgan paytlarim «Vesna» degan oq-qora tasvirli televizorimiz bo‘lardi. O‘shanda «Vremya» ko‘rsatuvidagi lavhalarda harbiylarni birinchi marta ko‘rganman. Bu afg‘on urushi tasvirlari edi… Nimagadir harbiylikka bo‘lgan qiziqishim shunda uyg‘ongan. Darslarga ham butun maktab bo‘yicha bitta nusxadagi bosh kiyim – beret kiyib borardim. Kelajakda harbiy bo‘lishimni o‘shandanoq sezganman. Chunki boshqa birorta kasbda o‘zimni tasavvur ham qilolmasdim.

Askarlikdan so‘ng haqiqiy harbiy xizmat boshlandi. Ustozlardan kasbning sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgandik. Askar – serjant – ofitser yo‘li menga juda ko‘p narsa berdi. Mana hozir o‘zimiz olgan bilimlarimizni shogirdlarga uzatyapmiz.

– Tinimsiz xizmat safarlarida yurasiz, boshqa davlatlar armiyalarini ko‘ryapsiz. Ta­biiyki, o‘zimizning armiya bilan taqqoslayotgan bo‘lsangiz kerak. Fikrlaringiz bizga ham qiziq.

– Ha, xizmat safarlarida yurib, doim taqqoslab yuraman. Boshqa davlatlar armiyalaridagi ijobiy tajribalarni o‘rganaman. Mana shu jarayonda esa doim bir narsaga e’tibor qaratgim keladi. Ya’ni davlatimiz, armiyamiz tashkil etilganiga necha yil bo‘ldi o‘zi? Xo‘sh, 30 yillik armiya uchun erishilgan natijalarimiz qoniqarlimi? Menimcha, ha. Chunki qisqa vaqt ichida armiya tashkil qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Biz esa bugun hech mubolag‘asiz bir asr va undan ham avvalroq barpo etilgan dunyoning zamonaviy armiyalari bilan bo‘ylashyapmiz.

Dunyoning rivojlangan davlatlari armiyalarini kuzatadigan bo‘lsangiz, ular bugun eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlangan. Har yili yangilanadigan jahon armiyalari reytingida bu katta ahamiyatga ega. To‘g‘ri, bizning armiya mintaqada eng kuchlisi, qurol-yarog‘, harbiy texnikalarimiz ham zamonaviy. Moddiy va ma’naviy ta’minotimiz a’lo darajada. Lekin shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqib, yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Ya’ni mana shu safda xizmat qilib yurgan qorako‘z yigitlarimizning chin ma’nodagi vatanparvarligi bizning eng katta ustunligimizdir. Uzoqqa bormang, Markaziy Osiyo mintaqasida ro‘y berayotgan so‘nggi paytlardagi voqea-­hodisalarni tahlil qilib ko‘ring, nima demoqchi ekanligimni darrov anglaysiz.

– Sizni armiya bilan nimalar bog‘lab turibdi?

– Juda qiziq savol, Islomjon. Endi kimdir balandparvoz gap deb o‘ylar, kimdir boshqa. Lekin men armiyada o‘zimni topganman. Odam hayotga bir marta keladi, bir marta yashaydi. Mana shu umrni u o‘zi sevgan mashg‘ulotlar bilan o‘tkazmasa, yashashidan ma’no bo‘ladimi? Men safdoshlarim kabi eng ulug‘ kasblardan birini tanlaganman va shu paytgacha bu tanlovimdan biror marta afsuslanmadim. Bu dunyoda hammaning o‘z vazifasi bor. Ayol bola tarbiya­laydi, ro‘zg‘or yuritadi. Haqiqiy erkak esa Vatani xizmatida bo‘ladi, uni himoya qiladi. Meni armiya bilan bog‘lab turadigan narsa bu – g‘urur!

– Nimaga aynan harbiy alpinizmni tanlagansiz?

– Men tog‘ bolasiman. Boysun tog‘larida katta bo‘lganman. Uzun va Sariosiyo tog‘larida kechgan janglar ham mana shu yo‘nalishni tanlashimga turtki bo‘lgan. Uning ustiga tog‘larsiz hayot kechirish men uchun qiyin. Uning viqori, toza havosi va yuksakligi meni doim o‘ziga tortadi. 

Bugungi kunda mintaqamizda yagona bo‘lgan «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida zo‘r-zo‘r harbiy alpinizmlarni tayyorlab, qo‘shinlarga yuboryapmiz. Bu yerga harbiy hamkorlik doirasida dunyoning ko‘plab davlatlaridan ham harbiylar kelib, malaka oshirib ketyapti. Ha, ularga aynan biz o‘rgatyapmiz. Mana shu jarayonda ham ular armiyamizdagi harbiy intizomga, shaxsiy tarkibning bilim saviyasiga, yigitlarimizning professionalligiga tan bermoqda. Chunki biznikilar ma’lum yo‘nalish bo‘yicha «qotib» qolmagan. Toqqa ham chiqib ketaveradi, suvda ham suzaveradi, qir-­adirda ham oyog‘i toymaydi. Haqiqiy jangchi shunday bo‘ladi-da o‘zi.

– Jamoangiz bilan Pomir­-Oloy tizmasida joylashgan 7 134 metr balandlikdagi Abu Ali ibn Sino cho‘qqisini zabt etganingizda yurakdan shodlangandik. O‘zlaringizda taassurot qanday bo‘lgan?

– Boshda bizga o‘zimizdan bosh­qa hech kim ishonmagandi. Lekin Alloh yuzimizni yorug‘ qildi, o‘ziga shukr. O‘sha yutug‘imizni Vatanimiz mustaqilligining yubiley sanasiga bag‘ishlashni niyat qilgandik. Ona yurt bilan bog‘liq niyatimizning amalga oshganini ko‘ring. Albatta, oson bo‘lmagan. Juda qiynalgandik. Chunki cho‘qqiga qarab ko‘tarilib ketaverganingiz sari ma’lum nuqtadan o‘tganingizdan so‘ng u yog‘iga nafas olish bilan bog‘liq muammolarga duch kela boshlaysiz. O‘pka to‘liq havo bilan ta’minlanmagani ortidan hamma voqea-hodisalar xuddi tushda kechayotgandek bo‘ladi. Bitta noto‘g‘ri qadam va siz, yo‘qsiz. Jamoamdagi yigitlarning qat’iyati, chidamliligi bizga g‘alaba olib kelgandi.

– Xalqaro harbiy musobaqalarda sizni eng ko‘p quvontiradigan va eng ko‘p ranjitadigan narsalar haqida gapirsangiz.

– Musobaqa o‘z nomi bilan musobaqa. Unda hamma narsa halol bo‘lishi kerak. Boshqa narsaga o‘rin yo‘q. Lekin ba’zan shunaqa paytlar ham bo‘lib turadiki, senga o‘z kuchi bilan bas kelolmagach, turli xil hiyla-nayranglar o‘ylab topiladi. Bu aytayotganim endi harbiy hiyla emas-da. Agar shunday bo‘lsa, mayli edi. Mana shunday usullar bilan sendan ustunligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Lekin hamma ko‘rib-bilib turibdi-ku. Bu baribir yigitlarimiz kayfiyatiga ta’sir qiladi. Shu narsalar odamni ranjitadi.

Keyin bularning bari shunchaki bellashuvligini, yigitlarimizning harbiy tayyorgarligi ortayotganini, davra ko‘rayotganini, eng muhimi esa tinchlik hukm surayotgan davrda bor-yo‘g‘i musobaqalashayotganini o‘ylab, xotirjam tortaman. Lekin baribir bugun o‘zbek armiyasining kuch-qud­ratini dunyo tan olib bo‘ldi. Bunga shak-shubha yo‘q.

P/S. Suhbatimiz ayni shu joyiga yetganida mayor Yallakayevning telefoni jiringlab qoldi. Narigi tomondan qanday gaplar aytildi, bilmadim-u, lekin Zokir aka «tushunarli» degancha, «uzr, uka, to‘g‘ri tushunasiz, xizmatchilik», deb shoshib xonadan chiqib ketdi…

Leytenant Islomjon QO‘ChQOROV
suhbatlashdi.