Oʻquvchi yoshlar harbiy institutda

0
2601

Mudofaa vazirligi Axborot-komunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Zangiota tumani xalq taʼlim boʻlimi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi bilan hamkorlikda hududdagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Dastlab oʻquvchi yoshlar harbiy institut boʻylab sayohat qilishdi. Ular harbiy institutdagi taʼlim jarayonlari, zamonaviy oʻquv auditoriyalari, turli yoʻnalishdagi laboratoriyalar, IT klub, shinam yotoqxonalar, barcha qulayliklarga ega sport majmuasi va kursantlar uchun yaratilgan boshqa shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Ekskursiya davomida kursantlar tomonidan oʻquvchi yoshlarga oʻquv xonalarida mashgʻulotlar jarayoni haqida hamda sohibqiron Amir Temur va sarkarda Jaloliddin Manguberdi sinflarida ajdodlarimiz haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

– Bugungi sayohatdan barchamizda, “Men ham Vatan himoyachisi boʻlaman”, degan istaklar paydo boʻldi, – deydi 11-sinf oʻquvchisi Yelbek Abdurasulov.

Mayor Sherqoʻzi HAKIMOV, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti