Jizzaxlik yosh vatanparvarlarning shijoati ortmoqda

2785

Xabaringiz bor, Jizzax garnizonidagi harbiy qismda 100 nafar yoshlar ishtirokida 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini” oʻtkazilmoqda.

Yigʻinning uchinchi kuni yoshlar bilan ertalabki badantarbiya, qoʻl jangi boʻyicha mashgʻulotlar, yoshlarning bandligini taʼminlashga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar, oliy taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlarning mutaxassislari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Yoshlarning oʻz biznesini boshlashi va unga sarmoya kiritishlari boʻyicha tijorat banklari, savdo-sanoat palatasi xodimlari tomonidan seminar-treninglar tashkil etildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va ajdodlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularga tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish va uni asrab-avaylash kabi tushunchalarni singdirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati xususidagi huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi”, “Prokuror va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi.
Shuningdek, ularning dam olish vaqtlarini mazmunli tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratilib, ona Vatanni va tinchlikni ulugʻlovchi filmlar hamda oʻzining mazmun-mohiyati bilan oʻrnak boʻla oladigan teatr sahnalari namoyish etildi.

Taʼkidlash lozimki, mashgʻulotlar davomida yoshlarning yurt tinchligi va ravnaqi uchun daxldorlik hislari oshib, mashgʻulotlarni chuqur oʻzlashtirishga, kelgusida mustaqil hayotga dadil qadam tashlashga gʻayrat-shijoatlari ortib bormoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati