Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilayotgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ikkinchi kunini yoshlar erta tongdan badantarbiya mashgʻulotlari bilan koʻtarinki kayfiyatda boshladi.
Keyin esa dasturga muvofiq dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, jangovar tayyorgarlik kabi oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Yigʻin ishtirokchilarini tadbirkorlikka yoʻnaltirish va ularning biznes gʻoyalarini qoʻllab quvvatlash maqsadida “Tadbirkorlik sari yana bir qadam” shiori ostida seminar trening oʻtkazildi.
Seminarda Jizzax viloyati savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlik markazi hamda tijorat banklari xodimlari ishtirok etib, bugungi kunda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yaratilgan imkoniyatlar borasida toʻliq maʼlumotlar berishdi.
Qizgʻin munozalarga boy tarzda oʻtgan seminar davomida yoshlar tomonidan oʻzlarining biznes rejalari va ularni amalga oshirish oʻzaro muhokama etildi.
“Yosh vatanparvarlar yigʻini”da yoshlarning bandligini taʼminlash va ularga kasb-hunar oʻrgatish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, elektr energetika, qurilish, IT-texnologiyasi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Umuman olganda, kuni kecha egniga harbiy libos kiygan yigitlar bugun yurt koriga yarash, oʻzlarining oldiga qoʻygan maqsadlari sari intilish, ishbilarmonlik, sportsevarlik, sanʼatsevarlik yoʻnalishlarida shakllanmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati