Nukusda maxsus-taktik oʻquv oʻtkazildi

0
851

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda joylashgan qoʻshinlarning yoqilgʻi bilan taʼminlash hududiy markazi hamda okrug moddiy texnik taʼminot bazasi hamkorligida oʻquv-jangovar vazifalarni bajarishda qoʻshinlarni moddiy-texnik taʼminot bilan taʼminlashni tashkillashtirish mavzusida maxsus-taktik oʻquvi oʻtkazildi.
Qoʻshinlarni jangovar shaylikning yuqori darajasiga keltirishda moddiy texnik taʼminot boʻlinmalarining samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish, har qanday sharoitlarda qoʻshinlar taʼminotini sifatli tashkil etishni oʻrgatish, favqulodda holatlarda boʻlinmalarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni tezkor, uyushgan holda amalga oshirishlariga erishish maqsadida tashkil etilgan oʻquv uch kun davom etdi.
Oʻquvlarni sifatli tashkil etish maqsadida maxsus texnikalar jalb etilib, mobil vositalar yoyildi. Bir vaqtning oʻzida bir qancha avtomobil va zirxli texnikalarga yoqilgʻi quyish rayoni, moddiy vositalarni saqlash ombori va dala non pishirish zavodi, dala veterinariya nazorati punkti ish faoliyatlari koʻrgazmali tarzda tashkil etilib, oʻquv nuqtalarida texnikalarga ommaviy yoqilgʻi quyish hamda non zavodida non mahsulotlarini pishirish jarayonlari amalda namoyish etildi.

Jangovar harakatlarni olib borishga jalb etilgan harbiy qismlar va hamkorlikdagi boʻlinmalarni oʻz vaqtida va belgilangan muddatlarda yoqilgʻi-moylash ashyolari, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va tashib berishni tashkil etish moddiy-taʼminot boʻlinmalari oldida turgan asosiy vazifa hisoblanadi.
Oʻquv yakunida yuqori natijalarga erishgan boʻlinma va harbiy xizmatchilar eʼtirof etildi.

Podpolkovnik Jahongir MIRZAYEV,
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug moddiy-taʼminot boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari