Mudofaa salohiyatining mustahkamligida muhim omil

0
1500

Davlatimiz mudofaa salohiyatining mustahkamligida harbiy xizmatga yigitlar orasidan munosiblarini saralab olish muhim omil sanaladi. Ayni shu mazmundagi ishlar samaradorligini oshirish uchun Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugda ikki kunlik yigʻin tashkil etildi.
Harbiy okruglar shtabi tashkiliy-safarbarlik boshqarmasi boshliqlari, Mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari bilan oʻtgan tadbir maqsadi 2022-yilgi chaqiruvga tayyorgarlik koʻrish hamda mahallabay tizimida ish olib borishni tashkil etishga qaratildi.
Yigʻin avvalida Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Mashʼal” mahallasida mudofaa ishlar boʻlimining ish faoliyatini “mahallabay” tizimida tashkil etish boʻyicha amaliy mashgʻulot boʻlib oʻtdi. Unda mudofaa ishlar boʻlimlarining joylardagi mahallalar raislari, uchastka nozirlari va mahalla tibbiyot punktlari bilan uzviy hamkorlikda ish olib borishlari borasida zaruriy koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, jarayonlarda mahalla fuqarolariga muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatga borish, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi hamda oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar berildi. Faxriy harbiylar mahalla yoshlariga oʻzlarining harbiy hayot yoʻllarida orttirgan boy tajribalari haqida soʻzlab berdilar.
Shundan soʻng yigʻin ishtirokchilari yangidan qurib foydalanishga topshirilgan Koson tumani mudofaa ishlari boʻlimi binosiga tashrif buyurishdi. Mudofaa ishlari boʻlimi huzuridagi hududiy, hududiy tibbiy hamda Qurolli Kuchlarni butlash komissiyalari faoliyatini toʻgʻri tashkil etish borasida oʻtkazilgan mashgʻulotlarda barcha ishlarni rahbariy hujjatlar talablarini toʻgʻri anglagan holda olib borish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Qashqadaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi yigʻin punkti binosida viloyatdagi boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda rahbariyat kengashi hamda harbiy tibbiy komissiya ish faoliyatini toʻgʻri va sifatli tashkil etish borasida koʻnikmalar berildi. Muddatli harbiy xizmatga borishni maqsad qilgan oʻgʻlonlarning yurt himoyasiga har jihatdan tayyor ekanliklarini aniqlashga oʻta masʼuliyat bilan yondashish, ularning jismoniy hamda axloqiy-ruhiy holati bilan bir qatorda oilaviy ahvolini ham chuqur oʻrganish muhim ekani uqtirildi. Butlash jarayonlarida harbiy xizmatga daʼvogarlar bilan uchrashi mumkin boʻlgan turli noqulay vaziyatlarni bartaraf etish choralari muhokama etildi.

Tadbirga yigʻilgan muddatli harbiy xizmatga saralash uchun masʼul rahbar xodimlardan korrupsngiyani oldini olish borasida qoʻl ostidagilarga muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borish lozimligi borasida alohida koʻrsatmalar berildi. Yigʻin natijalari chuqur tahlil etilib, oldindagi tegishli vazifalar belgilab olindi.

Oʻtkazilgan ushbu keng koʻlamli tadbir soha mutaxassislarining bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlash hamda mahallabay ishlash tizimini chuqur oʻrganishlariga zamin boʻlgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati