Sheryurak sarkarda xalq orasida

0
5024

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” yoxud Xayriddin Sultonovning “Saodat sohili” nomli asarlarini oʻqimagan kitobxon boʻlmasa kerak. Ha, bu ikki kitob yirik oʻzbek shoiri, mutafakkir, tarixshunos va davlat arbobi, boburiylar sulolasi va saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yoʻli haqida soʻz ochib, barcha yoshdagi kitobxonlar qalbidan chuqur joy egallagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur yurtimiz va jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk shaxslardan biri sanaladi. 14-fevral kuni Bobur tavalludining 539-yilligi keng nishonlanadi. Respublikamizning barcha hududlarida buyuk sarkardaning tavallud topgan kuni munosabati bilan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar, anjumanlar oʻtkazilib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi hamda Yozuvchilar uyushmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi hamda Berdaq nomidagi davlat musiqali teatri hamkorligida Nukus shahrida joylashgan Qoskol dahasidagi “Tinishliq”, “Bagʻshiliq”, “Qumavil”, “Vatanparvar” mahallalarida tashkil etildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr jamoasining musiqiy sadolari ostida mahallalarga otlar bilan kirib kelgan harbiylarni yoshlar katta hayajon va olqishlar bilan kutib olishdi. Ot ustida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosida gavdalangan harbiy xizmatchi va uning “lashkar”lari mahallalar aro piyoda va otliq yurishib, ortidan yetti yuzga yaqin yoshlarni ergashtirdi. Mahalla hududidagi 23-sonli umumtaʼlim maktabida esa buyuk sarkardamizga ehtirom tariqasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda Mirzo Boburning harbiy sanʼati, boy ijodiy merosi, tarix faniga qoʻshgan ulkan hissasi haqida soʻz bordi. Oʻquvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining diltortar kuy va qoʻshiqlari, harbiy qism askarlarining koʻrgazmali chiqishlari va qurol-yarogʻlar namoyishi tadbirga yanada xushnudlik bagʻishladi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻquvchi-yoshlarga kitoblar hadya qilindi.
Tadbir chin maʼnoda yoshlarga harbiy-vatanparvarlik tuygʻularini inʼom etgandi. Yoshlar ikki davrning qahramonlari – Bobur Mirzo va harbiylar bilan uchrashishlik baxtiga muyassar boʻlishgandi, goʻyo. Bu unutilmas kun mahalla yoshlari hayotida unutilmas lahzalar bilan muhrlanib qoldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati