Buyuk siymolarga ehtirom

0
5162

Mudofaa vazirligida ulugʻ mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bagʻishlangan maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etgan tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti kafedrasi mudiri Toʻlqin Togʻayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi targʻibotchisi Rahimboy Jumaniyozov Navoiy va Boburning hayoti va ijodi xususida maʼruza qildilar. Yigʻilganlarga ikki buyuk siymoning davlat qurilishi, harbiy sanʼat, maʼrifat, madaniyat, adabiyot va boshqa fanlar rivojlanishiga qoʻshgan hissasi qimmatli maʼlumotlar, hayotiy voqealar, ibratli hikoyatlar orqali yetkazildi.

Rahimboy Jumaniyozov Navoiyni tinglash mumkin, ammo anglash mushkuldir, deb boshlagan soʻzini hazratning “Muruvvat borcha bermakdur yemak yoʻq, futuvvat borcha qilmakdur demak yoʻq”, “Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay” kabi hikmatlarining sharhi bilan davom ettirdi. Tarixiy manbalar asosidagi fikrlar davomida Bobur Mirzoning harbiy mahorati, oz sonli qoʻshinda yengilmas kuchni paydo qila oluvchi notiqligi haqida ham soʻz aytilib, buyuk shaxsiyat “shoirlarning shohi – shohlarning shoiri”, deya eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunovaning Navoiy va Bobur gʻazallari bilan aytilgan qoʻshiqlar olqishlar bilan qarshi olindi.

III darajali serjant Olim BERDIYEV,
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti