Amerikada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlari haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan RASMIY MUNOSABAT

0
5030

Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan mamlakatimiz milliy armiyasini zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Milliy armiyamiz bir necha yillardan buyon nufuzli xalqaro tahliliy markazlar tomonidan mintaqadagi eng kuchli armiya sifatida bir ovozdan eʼtirof etilayotganligi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida olib borilayotgan ijobiy islohotlarning eng yorqin tasdigʻi hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston qurol-yarogʻ va harbiy texnika xalqaro bozorini doimiy ravishda kuzatib boradi. Dunyoda robot tizimlari rivojlanayotgan bir paytda uchuvchisiz uchish apparatlarining kuzatilib borilishi ham bundan mustasno emas.

Hech kimga sir emaski, amerikalik uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchilari bu borada yetakchilardan biri hisoblanadi, shuning uchun ham Oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan ularga maʼlum qiziqish bildirilmoqda, biroq bugungi kunga qadar “PUMA – RQ 20” uchuvchisiz uchish apparatini sotib olish masalasi koʻtarilmagan.

Shu munosabat bilan jurnalist va blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillaridan ijtimoiy va boshqa ommaviy axborot vositalarida aniq tasdiqlangan maʼlumotlarni yoritishlarini soʻraymiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti