Vatanparvarlik — oliy fazilat

0
3108

Vatanni sevish, uni sogʻinib yashash insoniyat fitratida mavjud boʻlgan nozik hisdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan kimsa eng ogʻir damlarida uni qoʻmsab, koʻz oldiga keltirishi va tugʻilib oʻsgan zamini haqida biror qaygʻuli xabar eshitganda qalban ezilishi, yutuqlaridan quvonishi ham vatanga boʻlgan muhabbatning belgisidir.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarga eʼtibor kuchaytirildi. Yurtimizda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar kelajagimiz egalarini Vatanga, milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jonajon Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligini taʼminlashdek masʼuliyatli, shu bilan birga, savobli ishlarni bajarishga posbonlarimiz kamarbasta. Ularda buning uchun matonat, mardlik va jasorat kabi fazilatlar yetarli.

Zero har bir oilada oʻgʻil farzand tugʻilganda ota-ona bilan bir qatorda yurt – Vatan ham suyunib, shodu xurram boʻlar ekan. Chunki oʻgʻil farzand nafaqat ota-onasi, oilasini, balki butun xalqini, vatanini himoya qiladigan oʻgʻlon hisoblanadi. Yurtimiz tinchligi va barqarorligini saqlashda, mamlakatimiz hududini himoya qilishda harbiy xizmatchilarning xizmatlari beqiyosdir.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini yanada jadallashtirish maqsadida Fargʻona viloyati, shahar va tuman hokimligi, mahalla rais va yoshlar yetakchilari, maktab direktorlari, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman Kengashlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida harbiy kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Kun tarbidagi masala yuzasidan Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari soʻzga chiqib, bugungi kunda viloyatimiz yoshlarini vatanparvarlik yoʻnalishi boʻyicha tarbiyalashda amalga oshiriladigan tadbirlar mexanizmini aniq va tushunarli qilib ishtirokchilarga yetkazdi.

Kun tartibidagi masala boʻyicha kengashda ishtirok etgan mahalla yoshlari yetakchilari qay tartibda amaliy ishlarni olib borishi belgilab berildi va bunday tadbirlarni yanada jadallashtirish borasida vazifalarga aniqliklar kiritildi.

Shundan soʻng viloyat hokimining oʻrinbosari kengash ishtirokchilariga har bir oʻtkaziladigan tadbirlarning samaradorligi, sifatliligi va oʻz vaqtida oʻtkazilishi borasida topshiriqlarni belgilab berdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mahallalarda oʻtkaziladigan barcha sohadagi majmuaviy tadbirlarda viloyatdagi hamkor tuzilmalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish shart ekanligini aytib oʻtishdi.

Bunday tadbirlarning oʻtkazilishi, kelajak yoshlarimizning vatanparvar boʻlib ulgʻayishi uchun dasturul amal boʻlib xizmat qilishi ayni haqiqatdir albatta.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati