Chaqiruv tadbirlari boʻyicha oʻquv uslubiy koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi

0
2579

Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlari mudofaa ishlari boʻlimlarida 2022-yil chaqiruv tadbirlarini sifatli tashkillashtirish boʻyicha oʻquv uslubiy koʻrgazmali mashgʻulot oʻtkazildi. Nukus tumani Mudofaa ishlari boʻlimida tashkil etilgan koʻrgazmali mashgʻulotda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda tuman, shahar mudofaa ishlari boʻlimlari chaqiruv va safarbarlik chaqiruvi rezervi boʻlinmalari harbiy xizmatchilari va Qurolli Kuchlar xizmatchilari, shuningdek, hududiy tibbiy komissiya raislari ishtirok etishdi. Oʻquv uslubiy koʻrgazmali mashgʻulotda tuman mudofaa ishlari boʻlimlaridagi chaqiruv punktining jihozlanishi, dori-darmonlar bilan taʼminlanganligi, tibbiy asbob anjomlari bilan butlanganligi, shuningdek, butlash komissiyasi hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiya aʼzolarining majburiyatlari, ish faoliyatini tashkillashtirish tartibi hamda chaqiruvga oid boʻlgan hujjatlarning shakli, toʻldirilish tartibi boʻyicha mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berib oʻtildi.

Navbatdagi chaqiruv mavsumini oʻtkazish davomida shaffoflik, ochiqlik va haqqoniylikni taʼminlash, oʻtkazilayotgan tadbirlar fuqarolar orasida keng targʻib qilinishi lozimligi alohida taʼkidlanib oʻtildi.

Nukus harbiy prokuraturasi xodimi adliya katta leytenanti Shariyar Ramazanov mashgʻulot korrupsiya va jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha maʼruzasi bilan ishtirok etib, korrupsiyaga qonunda belgilangan jazo muqarrarligini taʼkidladi.

Oʻquv mashgʻulot yakunida mudofaa ishlari boʻlimlari xodimlari oʻzlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil maʼlumotlar olishdi.

Xuddi shu mazmundagi tadbir Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Xorazm viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi hamda tumanlar mudofaa ishlari boʻlimlari xodimlari ishtirokida Shovot tumani mudofaa ishlari boʻlimida ham tashkil etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati