“Forish” togʻ poligonida havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari mutaxassislarining oʻquv yigʻini oʻtkazilmoqda

0
2010

Shu kunlarda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlaridagi havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari tarkibidagi otuvchi zenitchilar bilan Forish togʻ poligonida oʻquv yigʻin oʻtkazilmoqda. Boʻlinmalar shaxsiy tarkibi oʻzlarining nazariy bilimlarini amalyotda sinab, bilim va koʻnikmalarini oshirmoqdalar.
Oʻquv yigʻin davomida boʻlinmalarning zirhli transportlarda harakatlanish davomida, shuningdek turli sharoitlarda marshni amalga oshirish vaqtida havo hujumidan mudofaani tashkillashtirish va otish usullarini egallashlari mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari otuvchi zenitchilarning koʻchma zenit majmualarini jangovar shay holga keltirish hamda yurish holatiga oʻtkazish boʻyicha meʼyorlar bajarilib, oʻq-dori va raketalar sarfisiz dala trenajyorida havo nishonlarini aniqlash va shartli havo nishonlarini yakson qilish koʻnikmalari takomillashtirilyapti.
Yigʻin rejasidan mutaxassislar safidagi kuzatuvchilar tomonidan havo kuzatuvni olib borish va aniqlangan havodagi nishonlari haqida yuqori qoʻmondonlika zudlik bilan maʼlumot berish, qoʻmondonlikni qaroriga asosan nishoni yakson qilish mashqlari ham oʻrin olgan.

Umuman, harbiy xizmatchilar bilan doimiy ravishda ularning har qanday sharoitda va ekstremal vaziyatlarda oʻzlariga boʻlgan ishonchini yoʻqotmasliklari hamda doimo olgʻa harakatlanish koʻnikmasini shakllantirish maqsadida oʻquv yigʻin davomida ularning axloqiy-ruhiy tayyorgarlik yoʻlaklaridan oʻtib, turli mashqlarni bajarishi, har tomonlama jangovar shay boʻlgan harbiy xizmatchilardan oʻquv panoramasida shartli havo nishonlarini yakson qilish boʻyicha sinovlar qabul qilinib, yigʻin ishtirokchilarini kasbiy mahoratini hamda tajribalarini oshirish koʻzlangan.
Yigʻin natijasiga koʻra eng faol va yaxshi natijalar koʻrsatgan xarbiy xizmatchilardan xalqaro armiya oʻyinlari va “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilayotgan musobaqalarda ishtirok etish uchun nomzodlar zaxiralari saralanadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati