Jizzax viloyatining olis hududidagi mahallada vatanparvarlik festivali oʻtkazildi

0
541

Bugun, 8-fevral kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumanining eng chekka hududidagi “Andijon” mahallasida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish maqsadida keng qamrovli vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Mahallada yoshlar yetakchisining faoliyatini samarali tashkil etish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan festivalda tuman hokimligi va sektor rahbarlari, Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqining viloyat va tuman boʻlimlari, mahalla raislari, umumtaʼlim maktabi rahbarlari ishtirok etdi.

Unda soʻz olgan mutasaddi takshilot rahbarlari va harbiy xizmatchilar yoshlarni har tomonlama yetuk va komil inson qilib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini takidlab, mahalladagi yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning mohiyati va undan koʻzlangan maqsadlari, kelgusidagi natijalari haqida soʻz yuritishdi.

Shundan soʻng, festivalning asosiy qismi harbiy orkestr jamoasining ona Vatanni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlari, harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi, qoʻl jangi namoyishlari bilan boshlandi. “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari mahalladagi yurtdoshlarimiz qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish kabi hislarini uygʻotgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuygʻulari boshlangan festival davomida mahalladagi turli yoshdagi yoshlar oʻrtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan oʻq otish, intellekt sohiblari uchun “Zakovat” aql bellashuvi, “Yosh kitobxon” musobaqasi oʻtkazildi.

Festival yakunida musobaqa va koʻrik tanlovlarda gʻolib deb topilgan mahalla yoshlariga faxriy yorliq, badiiy adabiyotlar va sport anjomlari esdalik sifatida topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati