“Siz eng baxtli ayolsiz!”

0
1302

Oila – muqaddas dargoh. Oila qoʻrgʻoni mustahkam boʻlsa, unda sogʻlom muhit barqarorligi ham taʼminlanadi. Oiladagi turli nizo va kelishmovchiliklar ortidan esa turli noqulay vaziyatlarga yuzaga keladi. Eng avvalo, oilada nosogʻlom muhit shakllanib, farzandlar tarbiyasi izdan chiqa boshlaydi. Va alaloqibat, er va xotin oʻrtasida hurmat, sadoqat va ishonch, mehru-muhabbat oʻrnini nafrat egallab, orzu va umidlar bilan barpo etilgan oila parokandalikka yuz tutadi. Eng achinarlisi shundaki, bunday holatlar gohida yosh oilalarda kuzatilsa, baʼzi hollarda uzoq yillik oilalarda ham ajrim holatlari uchraydi.

Ajrimlarning oldini olish va oilalarda sogʻlom muhitni qaror toptirish maqsadida harbiy xizmatchilarning oilalari bilan muntazam ravishda tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining turmush oʻrtoqlari ishtirokida boʻlib oʻtdi. “Siz eng baxtli ayolsiz!” nomli davra suhbatida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining oilalari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassis, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Gulbaxar Xabibullayeva, Qorakalpogʻiston Respublikasi Musulmonlar Qoziyati xotin-qizlar masalalari boʻyicha qozi yordamchisi Tamara Dosimbetova hamda harbiy qism harbiy psixologi katta leytenant Behruz Murotovlar ishtirok etishdi. Harbiylarning turmush oʻrtoqlari orasida kimdir oila bekasi, yana kimdir esa tadbirkor, yana birovi davlat tashkilotining malakali xodimi. Davra suhbatida bekajonlar oilaning tinchligi va totuvligini saqlash borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi. Harbiylarning turmush oʻrtoqlari dunyodagi eng baxtli ayollar ekanligini alohida eʼtirof etishdi.

– Oila qurganimga oʻn yildan ortiqroq vaqt oʻtdi, – deydi mayor Burhon Boymatovning turmush oʻrtogʻi Sadoqat Boymatova. – Harbiyning ayoli boʻlish masʼuliyatli va sharafli, deb oʻylayman. Biz ham ular kabi kuchli sabr va matonatga ega boʻlmogʻimiz, vaqti kelsa, ularga yelkadosh boʻlishimiz lozim sanaladi. Harbiylarimizning ijtimoiy himoyasi yoʻlida yaratib berilgan sharoitlarni qarang. Eng olis tumanlarda ham eng zamonaviy koʻrinishga ega uylarda yashadik. Farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi uchun imtiyozlar bor. Men eng baxtli ayolman, desam hech ham adashmagan boʻlaman.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi harbiy qism va muassalalarida bu kabi tadbirlar muntazam tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, oilalarning ijtimoiy-maʼnaviy ruhiyatini koʻtarish, oila mustahkamligi, farovonligini oshirish, sogʻlom muhitni shakllantirish kabi ezgu gʻoyalar qamrab olingan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati