Hozirgi zamon globallashuv jarayonida yoshlarda milliy gʻoyaga sodiqlik, vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish, ularda mafkuraviy-maʼnaviy immunitetni shakllantirish hamda maʼnaviy-axloqiy qarashlarni tarbiyalash har qachongidan ham muhim. Ertamiz egalari boʻlmish yoshlarni har jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida barcha sohalar kabi harbiy sohada ham samarali ishlar amalga oshirib borilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi “Minjargʻan” MFYdagi 2-sonli kasb-hunar maktabida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi. Ushbu tadbirda mingga yaqin yoshlar, mahalla faollari, nuroniylar hamda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.
Dastlab, tadbirda harbiy orkestr sadolari ostida harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari festival qatnashchilarining olqishiga sazovor boʻldi. Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilariga zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalar namoyish etildi. Harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlari esa tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
– Albatta, bunday tadbirlar ertamiz egalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlar hamda faol fuqarolar bilan hamkorlikda ishlashimiz uchun bizga “master-klass” vazifasini oʻtaydi, – deydi “Minjargʻan” MFY yoshlar yetakchisi Ulbosin Mambetyarova. – Bu kabi tadbirlarning guvohi boʻlgan har bir yosh avlod vakillari ona Vatanga sadoqatli farzand boʻlishi, oʻz oldiga qoʻygan buyuk bunyodkorlik, yaratuvchanlik maqsadlari sari charchamay, toliqmay olgʻa intilishi, bu fazilatni doimiy kundalik faoliyat mezoniga aylantirishi shubhasiz.
Tadbir davomida yigʻilgan yoshlar uchun shaxmat-shashka, zakovat oʻyinlari shuningdek, kamondan oʻq uzish musobaqalari tashkil etilib, gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti