Harbiylar Qoraqalpog‘istondagi maktablarga o‘quv-moddiy bazalar yaratib berishdi

0
445

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligining tayanch maktablari sifatida otaliqqa olingan Qoraqalpog‘istondagi 17 ta umumta’lim maktablarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani uchun o‘quv-moddiy bazalar yaratib berildi.

O‘quv-moddiy bazalarni ta’lim muassasalariga taqsimlash tadbirida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, tayanch maktabi direktorlari va ularning o‘rinbosarlari – chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Yangi o‘quv-moddiy bazalarni qabul qilib olgan o‘qituvchilar, kelgusida bunday imkoniyat va g‘amho‘rliklardan unumli foyladangan holda yoshlar qalbida harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi. Bu tayanch maktablaridan haqiqiy vatanparvar, yurtsevar, sadoqatli farzandlar yetishishiga va’da berishdi.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi 2002-yil 12-dekabrdagi qonunining 13-moddasiga asosan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, shu jumladan fuqaro muhofazasi bo‘yicha tayyorgarlik o‘quv dasturidagi majburiy fan bo‘lib, umumta’lim maktablarida va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar tayyorgarlik o‘qituvchilari tomonidan bitirish yili arafasidagi kurslardan yoki sinflardan boshlab o‘tiladi.

Davlat rahbari tomonidan umumta’lim muassasalarning 11-sinf o‘quvchilarini “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berilgani yoshlarni armiyaga qadar tayyorlash tizimida yangi islohotlar davrini ochib berdi.

Ushbu topshiriqqa asosan, 2021-yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Xalq ta’limi vazirliklarining qo‘shma qarori imzolanib, unga ko‘ra har yili mart va may oylarida 11-sinf o‘quvchilarining harbiy poligonlarda bir kunlik amaliy mashg‘ulot o‘tishi belgilangan bo‘lib, barcha xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha daromadlari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutildi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri joriy yilda birinchi marotaba maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Nukus” va Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” dala-o‘quv maydonlarida jangovar quroldan amalda tayyorlov o‘q otish mashqlarini bajardi.

Shu yilning mart oyida boshlanib, may oyida yakuniga yetgan mashg‘ulotlarga Qoraqalpog‘istondan jami 10 942 nafar va Xorazmdan 11 900 nafar, jami 22 842 nafar o‘quvchi jalb etilib, quroldan amalda o‘q otish mashqini bajardi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining tashabbusi bilan hududlardagi o‘rta maxsus va umumta’lim maktablarning Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan Qoraqalpog‘istondan 634 nafar hamda Xorazmdan 452 nafar, jami 1 086 nafar o‘qituvchilarning ham ushbu mashg‘ulotlarda ishtiroki ta’minlandi.

Aytish joizki, yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va ma’naviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuyg‘usini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilishga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlash tizimi endilikda yana umumta’lim maktablaridan boshlanadigan bo‘ldi.

Shu bois Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining tashabbusi bilan 2020-yilning oktabr-dekabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari uchun Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar negizida bir kunlik o‘quv uslubiy yig‘inlar tashkil etilgan edi. Yig‘inlarda 1 100 dan ortiq chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari jalb etilib, malakasi oshirildi.

Shuningdek, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan hududlarda oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda sifat jihatdan yaxshilash maqsadida “Har bir nomzodga – bir ustoz” tamoyili asosida joylarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishni istagan nomzodlar o‘rtasida Davlat test sinovlariga qadar bo‘ladigan bosqichlardan 2020-yilga nisbatan 2021-yilda muvaffaqiyatli o‘tganlar ko‘rsatkichi statistikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 221 foizga hamda Xorazm viloyati bo‘yicha 158 foizga ortganini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, harbiylikka qiziqib, “Temurbeklar maktab”lariga o‘qishga topshirish ko‘rsatkichida ham o‘tgan yilga nisbatan yuksalish borligi, ya’ni Qoraqalpog‘istonda 153 foizga va Xorazmda 152 foizga ortgani, albatta quvonarlidir.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati