Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Qurolli Kuchlar safiga qabul qilindi

735

Zaynab Dayibekova o‘zbek sportini dunyoga tanitayotgan umidli yoshlardan biri sanaladi. Sportchimiz yanvar oyida Qurolli Kuchlar safiga qabul qilinib, Vatanga sodiqlik ontini ichdi. Endi u Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy sportchilari safida xizmat faoliyatini olib boradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va xalqaro toifadagi sport ustasi Zaynab Dayibekova qilichbozlik sport turi bo‘yicha yuksak natijalar ko‘rsatayotgan afsonaviy sportchilar qatoridan o‘rin olishga ulgurgan. U “Shuhrat” va “Jasorat” medallari hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Uning xalqaro sport musobaqalaridagi ishtiroki va ularda ko‘rsatgan natijalari ham quvonarli. 2017-yilning 9–10-sentabr kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan sportning qilichbozlik turi bo‘yicha Osiyo chempionatida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani O‘zbekiston qilichbozlarining xalqaro musobaqadagi dastlabki g‘alabasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, sportchimiz “Milliy sport mukofoti – 2019” tanlovida “Yilning yosh va istiqbolli sportchisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, munosib taqdirlangan. Shuningdek, 2021-yil iyul-avgust oylarida Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, kuchli sakkizlikdan joy olgan.

Harbiy xizmatchimiz kelgusida Mudofaa vazirligi sharafini munosib himoya qilgan holda O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenasida yuksak cho‘qqilarga olib chiqishni maqsad qilgan.  

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati