Qo‘mondon harbiy xizmatchining ayoli murojaatini ijobiy hal etdi

0
1614

Jizzax garnizonidagi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov boshchiligida bundan bir muddat oldin ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazilgan edi.

Unda kichik serjant Ilhom Boltayevning turmush o‘rtog‘i Dilfuza Abdullayeva tikuvchilik qobiliyati borligini aytib, unga uy sharoitida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit asosida zamonaviy tikuv mashinasini olishda va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishida amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgandi.

Ushbu murojaat o‘rganib chiqilib, uni ijobiy hal etish borasida harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘iga amaliy ko‘mak berildi.

– Mening uyda bo‘sh vaqtlarim ko‘p bo‘lardi, – deydi Dilfuza Abdullayeva. – Tikuvchilik borasida uquvim bor. Kunlardan bir kuni okrug qo‘mondoni sayyor qabul o‘tkazyapti ekan, deb eshitib qoldim va uyda bekor o‘tirmaslik uchun shu bu borada amaliy ko‘mak berishini so‘rab murojaat qilgandim, mana, ijobiy hal etildi va oilamga qo‘shimcha daromad kiritishni boshlab yubordim.

Har bir murojaat ortida inson, el-yurtimiz hayotiga oid biron bir muammo-masala mujassam. Bularning hal etilishi farovonlikni oshirib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati