Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat yig‘ini uchun pul to‘lovlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan RASMIY MUNOSABAT

0
2534

Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-fevraldagi 99-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2003-yil bahorgi chaqiruvdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tashni tashkil etish belgilangan.

Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatga, shu jumladan, cheklanishlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar yigirma yetti yoshgacha safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatida bo‘ladilar va uni o‘tagandan keyin Qurolli Kuchlarning ikkinchi toifali rezerviga o‘tkaziladi.

Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda pul badallarini to‘lashi va xizmat davrida bir marta bir oylik harbiy yig‘inda xizmatni o‘tashi safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilish sharti hisoblanadi. Bunda:

Qurolli Kuchlarda harbiy xizmatga navbatdagi chaqiriq davrida safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadigan fuqarolar tomonidan Mudofaa vazirligining “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” Maxsus hisob raqamiga pul badallari o‘tkazish shartlari ular tomonidan Mudofaa vazirligi bilan tuziladigan shartnomada belgilanadi;

safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olingan shaxslar tomonidan pul badallari xizmatga olingandan keyin bir yil mobaynida Davlat-tijorat Xalq banki muassasalari orqali to‘lanadi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra to‘lov to‘liq hajmda bir yo‘la yoxud bir yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin;

safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olingan shaxslarning harbiy yig‘inlari hududiy prinsip asosida Mudofaa vazirligining harbiy qismlari bazasida tashkil etiladi;

Maxsus hisob raqamiga belgilangan badalni to‘lagan va harbiy yig‘inlardan o‘tgan shaxslar muddatli harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod qilinadilar.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yilning 6-martdagi farmoniga muvofiq, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisob raqamiga to‘lanadigan pul badali mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7,03 barobarida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining SChR pul badallari to‘lovlarini arzonlashtirish yoki unga muqobil boshqa taklif ishlab chiqish bo‘yicha kiritgan topshirig‘iga binoan Mudofaa vazirligi tomonidan tegishli taklif ishlab chiqilib Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-oktabrdagi 617-sonli “Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan yoshlar, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning “Yoshlar daftari”dagi farzandlariga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratib boriladi. Mazkur qarorga muvofiq o‘tgan besh oy davomida bu kabi yoshlarning 7 mingdan ortig‘iga SChRning pul badallari to‘lab berilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti