Harbiylar xalq rassomi ustaxonasida

0
2323

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy qismlaridan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bir guruh askarlar va Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasi yurtimizning taniqli ijodkori, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Sarsenbay Baybosinov ijodiy ustaxonasida mehmon bo‘lishdi.

Ijod olami rang-barang. Adabiyot, musiqa, kino, raqs va shu kabi bir qator san’at turlari orasida rangtasvir olami fusunkorligi bilan ajralib turadi. Rangin bo‘yoqlar sehridan yaralgan san’at asarlari insonlarga estetik zavq bag‘ishlab, go‘zallikni anglashga o‘rgatadi. Sarsenbay Baybosinov ijodiy ustaxonasi esa harbiylarda katta taassurot qoldirgani shubhasiz.

1983 yildan buyon ijodga sho‘ng‘igan Sarsenbay Baybosinov yillar davomida salmoqli va mazmunli asarlar yaratishga erishdi. Respublikamiz va xorijiy mamlakatlarda rassomning ko‘rgazmalari tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda turli muzey va galereyalardan hamda shaxsiy kolleksiyalarda asarlari saqlanadi. Ijodkor natyurmort, peyeyzaj, maishiy va boshqa janrlarda puantalizm uslubida erkin ijod qilib kelmoqda. Rassomning ijodida o‘ziga xos jihatlar shundaki, u rangtasvirni adabiyot, musiqa, falsafa va koinot bilan bog‘laydi. Falsafiy mushohadalarga chorlovchi asarlar yillar davomida sayqallanib, tasviriy san’at dunyosida Sarsenbay Baybosinovning “ego”sini yaratdi. Bugun Sarsenbay og‘aning ijodini kungaboqar yoxud quroqsiz tasavvur etolmaymiz. Natyurmort janridagi bir qator asarlarida quroq va kungaboqar ramziy timsollarda ifodalanadi. Qoraqalpoq tarixi va madaniyatini o‘z asarlariga ko‘chirgan va shu orqali qoraqalpoq tasviriy san’atini dunyoga tanitayotgan rassom muntazam ijodiy jarayonda. Hozirgi kunda rassomning juda ko‘p shogirdlari el e’tiboriga tushgan.

Sarsenbay Baybosinov harbiylarga ijodiy faoliyati, shogirdlari haqida to‘lqinlab so‘zlab berdi. Armiya yillarini esga olib, o‘sha davrdagi mashaqqatli kunlarni gapirdi. Askarlik davridan esdalik fotoalbomni harbiylar katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Ijodiy suhbat asnosida rassom portret janrida mahorat darsi o‘tkazib berdi. Qiziqarli va mazmunli o‘tgan uchrashuv so‘nggida harbiy orkestr jamoasining harbiy musiqiy navolari Sarsenbay Baybosinovga juda ham manzur bo‘ldi.

Harbiy soha vakillari uchun yangi dunyo kashf etilgan edi, go‘yo. Ustaxonada moybo‘yoq hidi, etyudnik, mato – bularning bari va bu manzara orqali  musavvirlar o‘z asarlari bilan Vataniga bo‘lgan muhabbatini izhor eta olishlarini anglab yetgan edilar, ular.

Shohista ABDURAXMANOVA, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati