Nukusda “Biz yoshlar – sogʻlom turmush tarafdorimiz” nomli profilaktik tadbir boʻlib oʻtdi

0
989

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Biz yoshlar – sogʻlom turmush tarafdorimiz” mavzusida profilaktik tadbir oʻtkazildi. Unda huquq-tartibotni muhofaza qilish idoralari mutaxassislari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy boʻlimi vakillari ishtirok etishdi.
Bugungi kunning eng global muammolaridan biri – giyohvandlik. Afsuski, yurtimizda ham bu illat mavjud boʻlib, ayniqsa yoshlar orasida tarqalayotgani koʻpchilikni sergak va hushyor boʻlishga chorlamoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda giyohvand moddalarni isteʼmol qilayotgan 6000 dan ortiq yoshlar roʻyxatdan oʻtgan. Bu raqam ortidan qanchadan-qancha yoshlar hayotdan erta koʻz yumib ketishmoqda, giyohvand ota-onalardan nogiron farzandlar dunyoga kelmoqda. OITS deb atalmish vabo aynan giyohvandlikka ruju qoʻygan insonlar orasida koʻpayib, sogʻlom insonlarni ham zararsizlantirmay qolmayapti. Tadbir davomida maʼruzachilar asr vabosi boʻlmish giyohvandlikka qarshi kurashish har bir yurtparvar insonning burchiga aylanmogʻi lozimligini taʼkidlab oʻtishdi.

Tadbir davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi OITS va Narkologiya markazlaridan tashrif buyurgan tajribali shifokorlar tomonidan narkotik moddalar isteʼmolining salbiy oqibatlari, OITS kasalligi haqida maʼlumotlar taqdim etildi. Mavzu yuzasidan sogʻlom turmush tarzi targʻiboti boʻyicha tarqatma materiallar tarqatildi.
Muddatli harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob olishdi. Tadbir soʻngida giyohvandlikka qarshi kurashishga chorlovchi videorolik namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati