Mahallalarda yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda

0
2959

Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta, davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shu maqsadda Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda bo‘lib, u yerdagi yoshlar bilan turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, harbiy xizmatchilar mahalla raislari bilan hamkorlikda yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda vatanparvarlik hissini oshirish, shuningdek, ommaviy sportga jalb qilish orqali bo‘sh vaqtlarini foydali va mazmunli o‘tkazishida kerakli barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlari  ishtirokida mahalladagi vaqtincha ishsiz va uyushmagan yoshlar bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning qiziqishlari hamda qobiliyatlari o‘rganilmoqda. Ma’lum bo‘lgan natijalarga qarab ertamiz egalarining bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasida turli sport o‘yinlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejalari tizimli ravishda ishlab chiqilmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bu sa’y-harakatlar yoshlarning yurt ravnaqi yo‘lidagi dahldorlik hissini uyg‘otishga, ular ishtirokidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning keskin kamayishiga sabab bo‘ladi, albatta.  

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati