Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar va kadrlar organlarining istiqboldagi vazifalari belgilandi

2930

Maʼnaviyati yuksak harbiy xizmatchida vatanparvarlik tuygʻusi shakllanadi. Uni shakllantirishda esa tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi mutaxassislari zimmasiga koʻplab vazifalar yuklanadi.

Markaziy harbiy okrugda ana shunday oʻz vazifasini sidqidildan ado etib kelayotgan soha vakillari istiqboldagi vazifalarini belgilash hamda ularning oʻtkan davr mobaynidagi faoliyatida erishgan yutuqlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida soha vakillari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi.

Unda okrug qoʻmondonligi, faxriylar, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi va boʻlimi, kadrlar, tibbiyot xodimlaridan iborat harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov okrug qoʻshinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini yuksaltirishda ushbu soha mutaxassislarining oʻrnini alohida eʼtirof etdi. Jumladan, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar yoʻnalishida oʻtkazilgan tanlovlarda erishilgan yutuqlarni alohida tilga oldi.

Shuningdek, kelgusi besh yilga moʻljallangan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan ustuvor yoʻnalishlarning aksariyati ham ushbu soha vakillarining zimmasiga koʻplab vazifalarni yuklashi hamda uni bajarishda istiqbolli vazifalar belgilab berildi.

Shundan soʻng, oʻtgan davr mobaynida va harbiy vatanparvarlik oyligida oʻzining tashabbuskorligi va faolligi bilan boshqalarga naʼmuna boʻlgan bir guruh harbiylar va Qurolli Kuchlar xizmatchilariga okrug qoʻmondonligining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati