Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida majmuaviy aloqa mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

0
5205

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi aloqa bo‘linmalari shaxsiy tarkibi ishtirokida majmuaviy aloqa mashqi boshlandi.

Majmuaviy aloqa mashqining asosiy maqsadi — zaxira qo‘mondonlik punktini  barcha turdagi aloqa bilan ta’minlash, dala sharoitida aloqa vositalarini yoyish, aloqa uzelida sifatli aloqani o‘rnatish va ta’minlash bo‘yicha ekipaj shaxsiy tarkibining harakatlarini takomillashtirishdan iboratdir.

Xususan, Sharqiy harbiy okrug aloqa bo‘linmasining shaxsiy tarkibi ham “trevoga” signali bo‘yicha jangovar shaylikka keltirildi hamda “Farg‘ona” dala o‘quv maydoniga harbiy texnikalar bilan marsh uyushtirildi. Shaxsiy tarkib belgilangan hududga yetib borib, qo‘shinlarni boshqarishda zarur bo‘ladigan barcha aloqa vositalarini joylashtirdi va ularning xatosiz ishlashini ta’minladi.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrug aloqa bo‘linmalari shaxsiy tarkibi ham majmuaviy aloqa mashqlarini bajarmoqda. Jumladan, mashg‘ulot davomida radio aloqa, videokonferensiya, ovozli xabar berish, chegaralangan telefon aloqasi kabi turli ma’lumotlar almashish vositalaridan keng foydalanilyapti.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘tkazilayotgan mazkur amaliy mashg‘ulotlarda aloqa batalonlari komandirlarining va aloqa boshqarmalari boshliqlarining shaxsiy tarkib bilan ishlash tajribalari sinovdan o‘tkazilmoqda. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy krmmunikatsiyalar departamenti