Jangovar shaylikni mustahkamlash yoʻlida

4781

Qoʻshinlarda doimiy jangovar shaylikni taʼminlash eng ustuvor masalalardan biri. Bunda hamkor kuch tuzilmalari ishtirokida oʻtkaziladigan amaliy oʻquvlar muhim oʻrin tutadi.

Mudofaa vazirligining Fargʻona shahrida joylashgan harbiy qism va hamkor kuch tuzilmalari ishtirokida oʻtkazilgan vzvod maxsus-taktik oʻquvida ham boʻlinmalarning jangovar shaylik darajasi yana bir bor sinovdan oʻtkazildi.

Mazkur oʻquvlarning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, erta tongdan berilgan oʻquv signaliga asosan harbiy qism shaxsiy tarkibi jangovar shay holatiga keltirildi. Harbiy shaharchalar va obyektlar qoʻriqlovi kuchaytirildi. Zudlik bilan qurollanib, saf maydoniga yigʻilgan harbiy xizmatchilarga yuqori qoʻmondonlik tomonidan qoʻyilgan vazifalar yetkazilgach, shaxsiy tarkib texnikalarga joylashib belgilangan hududlar tomon yoʻl oldi. Bir vaqtning oʻzida hamkorlikdagi boʻlinmalarning kuch va vositalari ham yetib keldi. 

Oʻquv rejasiga koʻra, qoʻriqlanayotgan obyektga shartli dushman tomonidan hujum uyushtirildi. Yurt himoyachilari tomonidan yillar davomida toʻplangan malaka va tajriba oʻz soʻzini aytib, shartli dushman yakson qilindi.

Shuningdek, oʻquv davomida obyekt hududida yongʻin sodir boʻlganida uni bartaraf etish, ishchi-xodimlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, yaralanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish, jangovar harakatlar olib borilgan hududni ekspretiza qilish va kriminalistik tekshiruvdan oʻtkazish kabi vazifalar ham amalga oshirildi.

Taʼkidlash joizki, oʻtkazilgan maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti brigada boʻysunuvidagi harbiy qismlar shaxsiy tarkibining jangovar vaziyatlarda birgalikda toʻgʻri harakatlana olish qobiliyatini oshirishda, yurt himoyachilarining jismoniy va ruhiy tayyorgarligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti