Salmoqli mehnatlarning munosib eʼtirofi

0
2486

Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga asosan respublikamizda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mehnat faxriylari, hamkorlikdagi davlat va jamoat organlari vakillari, yozuvchi, shoir, fan, madaniyat va sanʼat arboblari “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Toshkent shahri, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida hamkor tashkilotlar va respublikamizdagi iqtisodiy muhim obyektlar rahbarlariga esdalik nishonlari qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir jarayonida qoʻmondon hamkorlikdagi organlarning mamlakatdagi muhim iqtisodiy obyektlarni rivojlantirish, xavfsizligini taʼminlash, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini yaxshilash bilan birga, yoshlarimizni ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qoʻshayotgan ulkan hissalari alohida eʼtirof etib, minnatdorchilik bildirdi.

Taqdirlanganlar oʻzlarining kamtarona mehnatlari Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan yuksak eʼtirof etilganidan mamnunligini, kelgusida zimmalaridagi masʼuliyatli vazifalarni bajarish bilan birga, mamlakatimiz mudofaa qudratini yuksaltirishga ham tayyor ekanliklarini mamnuniyat bilan aytib oʻtishdi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti