Samarqandda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi

0
1140

Markaziy harbiy okrugning ma’naviyat va ma’rifat markazida okrug qo‘mondonligi, Samarqand harbiy prokuraturasi hamda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda shaxsiy tarkib ishtirokida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda soha vakillari eng avvalo bugungi kunda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining mohiyatiga e’tiborini qaratdi. Unda ko‘pgina yo‘l-trasport hodisalari avtoulov tezligini oshirish, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzish hamda haydovchilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatsizlik ortidan kelib chiqayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan shaxsiy avtotransport vositasi bo‘lgan harbiy xizmatchilarga yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangilik va o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbir davomida harbiy prokuratura vakillari ham so‘zga chiqishib, bugungi kunda fuqarolar tegishli kurslarda ishtirok etmasdan, mashina boshqarish borasidagi o‘z bilimini oshirish o‘rniga haydovchilik guvohnomasini turli qing‘ir yo‘llar bilan osongina sotib olish holatlarini tanqid ostiga oldi.  Avvalo bu ularning o‘zi, shuningdek, atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi eslatildi.  

Ayrim holatlarda haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatlanib, o‘zi sodir etgan qoidabuzarlikni tan olmay turib soha vakillariga pora taklif qilish holatlari ham ko‘p bor kuzatiladi. Tadbirda aynan shu masalaga alohida to‘хtalinib, pora berish va pora olish yoxud vositachilik qilish jinoyatlari hamda bunga nisbatan jazo turlari xususida ham tegishli ma’lumotlar aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida YTHga doir videorolik namoyish qilindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati