Nukusda harbiylar chidamlilik va chaqqonlikda kuch sinashdi

4107

Joriy yilning mart oyida Mudofaa vazirligi miqyosida “Harbiylashtirilgan kross”, “Tosh ko‘tarish”, “O‘q otish”, “Ofitserlar uch kurashi”, “Armiya qo‘l jangi” va “Yarim marafon yugurish” chempiontlari o‘tkazilishi yurt himoyasida turgan mard o‘g‘lonlarning jismoniy kuch va g‘ayratini namoyish etishga imkon yaratadi. Mazkur musobaqalar oldidan shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasini tekshirish, final bellashuvlariga eng sara ishtirokchilarni tanlab olish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda 9 ta jamoa ishtirokida musobaqalarning saralash bosqichi o‘tkazildi.

Harbiy okrug sharafini vazirlik miqyosida bo‘lib o‘tadigan bahslarda himoya qilish kabi mas’uliyatli vazifa endilikda eng sara paxlavonlar zimmasiga tushdi.

Musobaqaning ilk kunidan ishtirokchilar “Nukus” ummqo‘shin poligonida “Harbiylashtirilgan kross” musobaqasida kuch sinashdi. Bellashuv shartiga ko‘ra, 3 kilometr masofaga yugurib, o‘q otish va o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish shartlari orqali harbiy xizmatchilarning mahorati sinovdan o‘tkazildi. Har bir jamoadan ikki nafardan harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

“Tosh ko‘tarish” musobaqasida ishtirokchilar shaxsiy, jamoaviy va shaxsiy-jamoaviy tarzda bellashib, 16, 24, 32 kilogramm og‘irlikdagi toshlarni ikki dastur bo‘yicha, ya’ni ikki toshni ikki qo‘l bilan ko‘krakdan ko‘tarish va toshni birinchi va ikkinchi qo‘l bilan galma-gal ko‘tarishlari shart. Ishtirokchilar 60, 65, 70, 75, 80, 85 kilogrammgacha va 90 kilogrammdan yuqori toifalariga ega harbiy sportchilar o‘rtasida o‘tkazildi.

Merganlik, chidamlilik, chaqqonlik va kuch sifatlarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan o‘q otish chempionatida qatnashuvchilar pistolet va avtomatdan foydalangan holda mashqlarni nizom qoidalariga ko‘ra bajarishdi.

“Armiya qo‘l jangi”, “21 kilometr yarim marafon yugurish” hamda “Ofitserlar uch kurashi” bo‘yicha o‘tkazilgan chempionatlarda Vatan himoyachilari kuch, chidamlilik va yuqori jismoniy tayyorgarligini namoyish etib, kuchli raqobat muhitini yaratdi.

Bellashuvlar yakunlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan diplom va medallar bilan taqdirlandi. Faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tadigan musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

 Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati