Urganchda kuch tuzilmalari jamoalari bilimdonlikda bellashdi

0
4714

Xorazm viloyatida joylashgan kuch tuzilmalarining harbiy xizmatchilari oʻrtasida viloyat harbiy-maʼmuriy sektori rahbari sovrini uchun “Jaloliddin Manguberdi vorislari” va “Amir Temur oʻgʻlonlari” tanlovi oʻtkazildi. Tanlov shartlariga koʻra ishtirokchilar kitobxonlik va kitob mutolaasi, insholar hamda tasviriy sanʼat yoʻnalishlarida oʻzaro kuch sinashdi.
Tanlovning birinchi bosqichida ishtirokchilar tariximizda oʻchmas iz qoldirgan buyuk sarkardalar Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur hayoti, ular ishtirokidagi janglar hamda “Temur tuzuklari”ga oid 5 ta savolga javob berishi lozim boʻldi.
Ikkinchi shartda esa ikki buyuk sarkardaning davlatchilikka asos solishi, harbiy mahorati va shaxsiyati xususida erkin mavzuda yozilgan insholar orfografik, leksik, badiiy va publitsistik, mazmun va mohiyatiga koʻra hayʼat aʼzolari tomonidan baholandi.
Tasviriy sanʼat yoʻnalishida harbiy xizmatchilar Vatan madhini tarannum etgan gʻoyalarni rangli boʻyoqlar yordamida qogʻozga tushirib, nafaqat Vatan himoyachisi, balki mahoratli rassom ekanligini ham isbotlab berishdi.

Qizgʻin kayfiyatda oʻtgan tanlov shartlarini yuqori darajada bajargan harbiy xizmatchilar hayʼat aʼzolarining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi. Urganch garnizonidagi harbiy qismlardan birining vakili, katta leytenant Odiljon Oʻrozaliyev kitobxonlik va kitob mutolaasi yoʻnalishida barcha savollarga toʻliq javob berib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati