“Termiz” umumqoʻshin poligonida yoʻriqchi-serjantlar yigʻiniga start berildi

0
2255

Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻi talablarini sifatli va mazmunli bajarish maqsadida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Termiz” umumqoʻshin poligonida yoʻriqchi-serjantlar shaxsiy tarkibining oʻquv yigʻini boshlandi.
Yigʻinni janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Farhodjon Qahharov kirish soʻzi bilan ochib berdi va bugungi kunda kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar va serjantlarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari va tadbirlarini sifatli tashkillashtirish boʻyicha zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi toʻgʻrisida aytib oʻtib, ularga yangi tayinlangan lavozimlarda xizmat qilishlari uchun omad tiladi.

Shu kunning oʻzida yoʻriqchi-serjantlar bilan saf koʻrigi boʻlib oʻtdi, shundan soʻng yigʻin rahbari tomonidan ishtirokchilar guruhlarga boʻlindi va qoʻmondonlik tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan mashgʻulotlar boshlanib ketdi.
Boʻlinmalarga yoʻriqchi-serjant lavozimlarini kiritishdan asosiy maqsad, yoʻriqchi-serjantlarning boʻysunuvchi boʻlinmalardagi mutaxassislar tarkibini sifatli oʻqitishini va ularning kasbiy mahoratini yuqori darajaga oshirib borishini taʼminlash, qoʻshinlarda jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish hamda yoʻriqchi-serjantlarning xizmat faoliyatini belgilash maqsad qilib belgilangan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni