Bobolarga munosib bo’lish istagi tarixni o’rganishdan boshlanadi

0
1682

Inson qalbida vatanparvarlik hislarining kamol topishida ajdodlar merosi muhim o’rin tutadi. Bobolarga munosib bo’lish istagi esa albatta, tarixni o’rganishdan boshlanadi. Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda bugun harbiy qismlarda “Amir Temur” va “Jaloliddin Manguberdi” sinflari jihozlanmoqda.
Xuddi shunday sinflardan biri Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qo’rg’onida joylashgan harbiy qismda tashkil etildi.
Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalar shaxsiyatini anglash, ularning harb ilmi borasida qoldirgan qimmatli o’gitlarini o’rganish ayniqsa, harbiy xizmatchi uchun kundalik zaruriyat deyish mumkin. Devorlari bobolar shonli tarixidan so’zlovchi bunday xonalarda o’tilajak darslarning ta’siri yanada kengroq va sermazmun bo’lishi tabiiy.

Shuningdek, qismga shu yerlik yoshlarning tashrifi ham tizimli tashkil etilgan. Aholi vakillari va yoshlar maskanga bugunning Temurlari-yu Jaloliddinlari sanalmish harbiy xizmatchilar bilan qilgan sayohatlardan olam-olam taassurotga ega bo’lmoqda.
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha harbiy qismlarda yaratilayotgan bu kabi sinflar endilikda harbiy xizmatchilar, aholi vakillari va yoshlarning tarixga oid bilimlarini oshirish barobarida, ular qalbidagi vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlash uchun ham xizmat qiladi.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati