Nukus garnizonidagi Vatan himoyachilari ulugʻlandi

0
6653

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyasi borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz nafaqat mintaqada, balki jahonda eng kuchli armiyalardan biri sifatida eʼtirof etiladigan boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining shonli 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari bayrami munosabati bilan Nukus garnizonidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida tantanali tadbir oʻtkazildi.
Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlangan ushbu tantanada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari – shtab boshligʻi polkovnik Dilshod Ilhomov Vatan himoyachilarini bayram bilan muborakbod etdi.
Shuningdek, qoʻmondon oʻrinbosari harbiy okrugning 2021-yilgi faoliyatiga toʻxtalib, amalga oshirilgan ishlarni eʼtirof etdi.
Xususan, 2021-yilda harbiy okrugda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari doirasida Nukus garnizonidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqoʻshin poligoni hamda Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida kapital taʼmir va rekonstruksiya ishlari olib borildi.
Nukus tumanidagi harbiy qismlarning birida hamda “Nukus” umumqoʻshin poligonida zamonaviy va koʻrkam Maʼnaviyat va maʼrifat markazlari bunyod etildi. Qoraqalpogʻistonda va Xorazmda bittadan koʻp qavatli uylar qurilib, imtiyozli ipoteka kreditlari asosida harbiy xizmatchilarga topshirilishi natijasida 60 nafar oila yangi xonadon kalitlariga ega boʻldi.
Harbiy boʻlinmalarni yangi, zamonaviy texnikalar bilan butlash, ularning jangovar imkoniyatlarini oshirish maqsadida 36 dona harbiy va 3 dona maxsus harbiy texnikalar safga koʻyildi.
Qoʻshinlarning doimiy jangovar shayligini taʼminlash maqsadida 20 dan ortiq yigʻinlar, shtab mashqlari, dala chiqishlari hamda 15 dan ortiq hududiy kuch tuzilmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquvlari va mashgʻulotlar oʻtkazildi.
“Nukus” va “Yangiariq” umumqoʻshin poligonlarining infratuzilmasini tubdan takomillashtirish evaziga jangovar tayyorgarlikni oldingi yillarga nisbatan 1,5 barobarga oshirishga erishildi. Harbiy okrug qoʻshinlari bilan oʻtkazilgan 600 ga yaqin amaliy oʻq otish mashgʻulotlaridan 400 dan ortigʻi kunduzgi va 190 dan oshigʻi tunggi vaqtda tashkil etildi. 60 ga yaqin tunggi va kunduzgi jangovar va harbiy texnikalarni haydash mashqlari, 55 ga yaqin dala chiqishlari, 160 ga yaqin piyoda yurishlar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan harbiy okrug harbiy xizmatchilari hamda ishchi-xizmatchilaridan jami 215 nafari “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” koʻkrak-nishonlari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida bir guruh harbiy xizmatchilar, ishchi-xizmatchilar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan jami 250 ga yaqin nafariga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri hamda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni nomidan koʻkrak nishonlari, qimmatbaho sovgʻalar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda faxriy yorliqlar topshirildi.
Tantanali marosim sanʼat ustalari hamda harbiy xonandalarning bayram konserti bilan yakunlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati