Qashqadaryoda “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi

0
5076

Harbiy xizmatchi jangovar vazifalarni toʻla-toʻkis va sifatli bajarishi uchun nafaqat jismonan sogʻlom, balki maʼnan yetuk boʻlishi talab etiladi. Ruhiy kamolotni shakllanishida esa milliy qadriyatlarning oʻrni beqiyos. Bugun milliy armiyamiz saflaridagi harbiy xizmatchilarimizning asrlar osha oʻtib kelayotgan etnomadaniy merosimizni oʻrganishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Buning isboti oʻlaroq viloyatlarda harbiy-maʼmuriy sektor rahbari sovrini uchun harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” koʻrik-tanlovlarini keltirish mumkin.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlarida xizmat oʻtayotgan yurt oʻgʻlonlari hamda viloyatdagi kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari oʻrtasida yuqori saviyada oʻtkazilgan bellashuvlar ham fikrimizning isbotidir.
Tanlovning kitobxonlik va kitob mutolaasi, tasviriy sanʼat va rassomchilik, teatr va aktyorlik mahorati, baxshichilik va maqom sanʼati kabi yoʻnalishlari Qarshi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi va Qarshi shahar madaniyat markazi binolarida boʻlib oʻtdi. Koʻtarinki ruh va shaffof tarzda oʻtayotgan bellashuvlarni kuzatib, yurt himoyachilari nafaqat jang maydonida, balki, sanʼatning turli yoʻnalishlarida ham mohir ekanliklariga guvoh boʻlasiz.

Harbiylar oʻzlarining chavandozlik va ot minish mahoratlarini Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tasarrufida joylashgan ot sporti manejida namoyish etishdi. Malakali chavandozlar va soha vakillari nazorati ostida oʻtgan bu yoʻnalish bellashuvlari ham murosasiz tarzda kechdi.
Qashqadaryo viloyati harbiy-maʼmuriy sektor rahbari sovrini uchun oʻtgan musobaqalarning tantanali taqdirlash marosimi Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida oʻtkazildi.
Viloyat hokimligi masʼullari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, yana bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida oʻtgan tadbirda soʻz olganlar oʻtkazilayotgan bu kabi bellashuvlar etnomadaniy qadriyatlarning harbiylar orasida ham keng yoyilishi uchun xizmat qilajagini alohida taʼkidlashdi.
Gʻoliblarga diplom hamda pul mukofotlari tantanali tarzda taqdim etildi.
Umumiy natijalarga koʻra barcha kuch tuzilmalari oʻrtasida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiylari birinchi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari vakillari ikkinchi hamda Ichki ishlar xodimlari uchinchi oʻrinni egalladilar.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati